JSSTning Yevropa byurosi tadqiqotchilari hatto oz miqdordagi alkogol ham bir qator saraton kasalliklariga olib kelishini aniqladi.
Spirtli ichimliklar, jumladan, to‘g‘ri ichak saratoniga, ayollarda esa ko‘krak saratoniga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Bundan tashqari, o‘nlab noinfeksion kasallikning kelib chiqishi ham aynan alkogol bilan bog‘lanadi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa mintaqasida har kuni alkogol tufayli 2545 kishi vafot etyapti. Tashkilotning Yevropa byurosi xodimi Nino Berdzulining aytishicha, 2018 yilda mintaqada 45 ming ayolning alkogol oqibatida sut bezlari saratoniga chalingani aniqlangan, ulardan 12 ming nafari vafot etgan. Bundan tashqari, 59 200 ta yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak saratoni holatlariga ham spirtli ichimliklar turtki bergani ma’lum bo‘ldi, bemorlardan 28 200 nafari qazo qilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, alkogolning turi va miqdoridan qat’i nazar, u saraton kasalliklariga sabab bo‘laveradi.