“Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasi faollari tomonidan qo‘shimcha topshirilgan imzolar uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yetarli bo‘lmadi.
Adliya vazirligiga 2023 yil 14 va 17 iyul kunlari “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi takroriy arizalar va fuqarolarning imzolari kelib tushdi.
Ariza va taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, partiyani quyidagi asoslar bo‘yicha ro‘yxatga olishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.
Biroq, vazirlikka 2023 yil 14 iyulda taqdim etilgan arizaga ilova qilingan ro‘yxatda 9 828 ta fuqarolar imzolari mavjud bo‘lib, hujjatlarni o‘rganish jarayonida partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilganligi ma’lum bo‘ldi:
– siyosiy partiya ta’sis konferensiyasi o‘tkazilgungacha vafot etgan
10 nafar shaxs;
– 13 nafar voyaga yetmagan shaxs;
– mahallalarni asfaltlash, kommunikasiya tizimlarini yangilashga mablag‘ olish maqsadida “Ochiq budjet” loyihasiga ovoz berish uchun deb xato imzo qo‘ygan va keyinchalik ushbu imzolarini qaytarib olgan 1 157 nafar shaxs;
– shaxsga doir ma’lumotlar mavjud emasligi sababli shaxsi aniqlanmagan 1 190 nafar shaxs;
– imzolari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan elektron shaklda olingan 5 816 nafar shaxs;
Ma’lumot uchun. Ushbu elektron shaklda olingan imzolardan mingdan ortiq imzosi vazirlikka muqaddam taqdim etilgan imzolar ro‘yxatida mavjudligi ma’lum bo‘ldi;
– partiya tuzish uchun xohish bildirmagan va hech qanday imzo qo‘ymagan
359 nafar shaxs;
– sud tartibida muomalaga layoqasiz deb topilgan 22 nafar shaxs;
– O‘zbekistonda yashamayotgan 137 nafar shaxs;
– 2023 yil 15 mayda vazirlikka partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan imzolar ro‘yxatida mavjud bo‘lgan 46 nafar shaxs (takroriy).
Shuningdek, 2023 yil 17 iyuldagi 1 388 ta fuqarolar imzolari “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasi tashkiliy qo‘mitasining 3 oylik faoliyat ko‘rsatish muddati tugaganidan keyin taqdim etilgan.
Joriy yilning 16 aprelida tashkil etilgan partiyaning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan uning faoliyat ko‘rsatish muddati davomida vazirlikka taqdim etilgan imzosi qonunchilikka muvofiq va o‘z xohishi bilan partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolarning jami imzolari soni 2 517 tani tashkil etdi.
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyani ro‘yxatga olishni rad etish ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.