Banklar, marketpleyslar va aloqa operatorlari o‘z sohalari doirasiga sig‘may qolgani haqida
Oddiy bir savolga tezda javob berishga urinib ko‘ring: bank nima bilan shug‘ullanadi? Yaqin-yaqingacha javob aniq edi: pul saqlaydi, kredit beradi, to‘lovlarni o‘tkazadi. Bugun esa qaysi bank ekaniga bog‘liq. Bank ilovasining o‘zida aviachipta sotib olish, sug‘urta rasmiylashtirish yoki mehmonxonadan joy band qilish mumkin. Taksi ilovasi orqali esa mahsulotlarga buyurtma berib, jo‘natma yuborsa bo‘ladi. Marketpleyslar o‘z kartalarini chiqarib, kreditlar beryapti. Aloqa operatorlari bo‘lsa ma’lumotlar markazlarini qurmoqda, bulutli platformalarni rivojlantirib, sayohatchilar va avtomobilchilar uchun xizmatlar ishga tushirmoqda.
Biz ma’lum bir qoliplarga solishga o‘rganib qolgan kompaniyalar qachondir bu qoliplarga sig‘may qoldi. Eng qizig‘i, buning qanday yuz berganini deyarli sezmay ham qoldik. Bundan bir necha yil avval kundalik raqamli vazifalar uchun smartfonda o‘nlab ilovalardan iborat papka kerak bo‘lar edi. Hozir esa ko‘pincha bittasining o‘zi kifoya.
Bankka aviachiptalarning nima keragi bor?
So‘nggi yillarda «ekotizim» so‘zi korporativ klishega aylanib ulgurdi. Lekin uning zamirida juda oddiy insoniy odat yotadi: biz ortiqcha harakat qilishni yoqtirmaymiz. Agar ilova ma’lumotlarimizni bilsa, unga kartamiz ulangan bo‘lsa va biz uni har kuni ochib tursak, yana boshqasini yuklab olish, ro‘yxatdan o‘tish va ma’lumotlarni qayta kiritish — bu kichik bir noqulaylikdir. Raqamli biznes ana shunday noqulayliklarni ilg‘ashni o‘rgandi, shu sababli kompaniyalar tobora ko‘proq «boshqa sohaga» emas, balki insonning ketidan — uning bir vazifasidan keyingisiga qarab bormoqda.
Revolut (Britaniya fintex xizmati) 2015-yilda xorijda valyuta ayirboshlash va hisob-kitoblarni soddalashtirish maqsadida paydo bo‘lgan. Bugungi kunda u orqali moliyaviy mablag‘larni boshqarish, sarmoya kiritish, turar joy band qilish hamda sug‘urta va sayohat xizmatlaridan foydalanish mumkin, chakana mijozlar soni esa 75 milliondan oshib ketdi. Biroq biz uchun qo‘shni Qozog‘iston qiziqroq bo‘lsa kerak. Kaspi.kz (chakana bankdan o‘sib chiqqan Qozog‘iston raqamli platformasi) ni bugun bir so‘z bilan ta’riflashning o‘zi qiyin: bitta ilovaning o‘zida to‘lov qilish, mahsulotlar sotib olish, sayohatlarni bronlash, bank va davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin. 2026-yilning birinchi choragida, Qozog‘iston aholisi 20 milliondan sal ko‘proq bo‘lgan bir paytda, birgina Kaspi.kz to‘lov platformasining o‘zi 14,7 million faol foydalanuvchiga ega edi.
Balki, bu banklar bilan nima sodir bo‘lganining eng yaqqol ko‘rsatkichidir. Ular endi faqat odam pulini qayerda saqlashi uchun emas, balki u o‘z kundalik hayotining qanchalik katta qismini bitta ilovaga ishonib topshirishga tayyor ekani uchun ham kurashmoqda.
Krossovka xaridi qanday qilib bank xizmatiga aylandi?
1999-yilda Argentinada Mercado Libre (Lotin Amerikasidagi eng yirik marketpleys) paydo bo‘lganida, vazifa oddiy edi: sotuvchi bilan xaridorni bog‘lash. Ammo tez orada bir muammo yuzaga chiqdi: mahsulotlar ham, xaridorlar ham bor, lekin ko‘pchilikda qulay to‘lov usulining o‘zi yo‘q. Shunday qilib, kompaniyaning o‘z Mercado Pago to‘lov tizimi paydo bo‘ldi.
Keyin deyarli muqarrar zanjir ishga tushdi: agar kishi siz orqali to‘lov qilayotgan bo‘lsa, nega unga pul o‘tkazish imkonini bermaslik kerak? Agar pul o‘tkazsa, nega karta chiqarmaslik kerak? To‘lovni qabul qilayotgan sotuvchiga-chi, terminal yoki kredit taklif qilsa bo‘ladimi? Bugungi kunda Mercado Pago — o‘n millionlab foydalanuvchiga ega mustaqil moliyaviy platforma. Qizig‘i shundaki, odamga krossovka sotish uchun marketpleys ma’lum bir nuqtada deyarli bankka aylanishiga to‘g‘ri kelgan.
Bir kunni o‘tkazish uchun nechta ilova kerak?
Xitoyda javob — bitta. WeChat (Xitoy messenjeri va superílovasi) 2011-yilda muloqot uchun ilova sifatida paydo bo‘lgan, biroq bugun uni messenjer deb atash smartfonni telefon deyish bilan barobar. Uning ichida yozishish, to‘lov qilish, mahsulotlar xarid qilish, xizmatlarga yozilish, taksi chaqirish mumkin, qolaversa, ko‘plab tashqi xizmatlar mini-dasturlar formatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri WeChat’ning o‘zida ishlaydi. Bugungi kunda Weixin va WeChat auditoriyasi oyiga 1,4 milliard kishidan oshadi.
Ushbu model insoniyatning yangi zaifliklaridan birini — cheksiz ilovalardan charchash holatini juda aniq aks ettirdi. Clutch’ning 2026-yilgi tadqiqotiga ko‘ra, smartfon foydalanuvchilarining 64 foizida 10 tadan 50 tagacha ilova bor, biroq ularning 46 foizi har kuni atigi 5–10 tasidan foydalanadi. Yana bir ko‘rsatkich bundan-da yaqqolroq: 72 foiz odamlar navbatdagi xizmat uchun yangi ilova yuklab olish zaruratidan oz bo‘lsa-da, g‘ashlanadi. Bu holat allaqachon nom olgan — app fatigue yoki «ilovalardan charchash». Shu bois superílova — nafaqat biznesning odamni o‘z tizimi ichida ushlab turish orzusi, balki foydalanuvchining tushunarli istagiga javob hamdir: iltimos, meni yana boshqa biror joyda ro‘yxatdan o‘tishga majbur qilmang.
Aloqaning o‘zi kamlik qilganda
Telekom sohasida ham bir necha yil avval banklar va marketpleyslar bilan yuz bergan holat takrorlanmoqda. Faqat bu yerdagi boshlang‘ich nuqta boshqacha. Operator allaqachon o‘z tarmog‘iga, millionlab ulangan foydalanuvchilariga va ularning raqamli hayotining katta qismi o‘tadigan infratuzilmaga ega. Bir nuqtada o‘rinli savol tug‘iladi: agar bularning bari mavjud bo‘lsa, faqat qo‘ng‘iroqlar va internet bilangina cheklanish shartmi?
Jahon bozoriga nazar tashlasak, bu savolga tobora ko‘proq «yo‘q» degan javob berilmoqda. GSMA Intelligence ma’lumotlariga ko‘ra, yirik operatorlarning an’anaviy telekom xizmatlaridan tashqari yo‘nalishlardan oladigan daromad ulushi 2017-yildagi 18 foizdan 2024-yilga kelib 28 foizga o‘sgan. Yangi yo‘nalishlar qatoriga bulutli texnologiyalar, kiberxavfsizlik, fintex, IoT va raqamli xizmatlar kiradi.
Bu yerda qiziqarli paradoks mavjud. Kundalik narsalar raqamli muhitga qanchalik ko‘p o‘tsa, biz aloqaning o‘zini shunchalik kam sezamiz. Xarid uchun to‘lov qilayotganda, mashina chaqirayotganda yoki WeChat’ni ochayotganda, odam tarmoq, ma’lumotlar markazi va hisoblash quvvatlari haqida o‘ylashi dargumon. Vaholanki, bularsiz butun bu qulay raqamli hayotning o‘zi bo‘lmas edi.
O‘zbekistonda bu transformasiyani Uztelecom misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Yana bir necha yil avval operatordan, avvalo, uy interneti, mobil aloqa va yaxshi qamrov kutilar edi. Bugungi kunda esa kompaniya yo‘nalishlari ro‘yxati ancha kutilmagan ko‘rinishga ega: elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmasi, avtomobil servis xizmatlari, sug‘urta, sayohatchilar uchun yechimlar, maishiy xizmatlar, bulutli texnologiyalar, ma’lumotlar markazlari va sun’iy intellekt.
Bu yo‘nalishlarning bir qismi bevosita telekom sohasidan kelib chiqqan. Masalan, xorijdagi aloqa xizmati sayohat davomida insonga hamroh bo‘ladigan kengroq xizmatlar to‘plami uchun boshlang‘ich nuqta bo‘ldi. Boshqalari esa odatiy operatorlik biznesidan ancha yiroq: avtomobil haydovchilari uchun raqamli xizmatlar, sug‘urta va zaryadlash infratuzilmasi mavjud, raqamli platforma orqali esa hatto maishiy muammolarni hal qilish uchun usta chaqirish ham mumkin. Bunda operatorning o‘zi sug‘urta kompaniyasi, sayyohlik agentligi yoki maishiy xizmat ko‘rsatish servisiga aylanishga urinmaydi: zarur hollarda tizimga tegishli soha hamkorlari jalb qilinadi.
Agar bularning barchasini — internet, elektromobillar, sug‘urta, sayohat, avtomobil va maishiy xizmatlarni — bir qatorga tizsak, klassik aloqa operatori uchun ancha g‘alati to‘plam hosil bo‘ladi. Lekin bu faqat biz unga soha nigohi bilan qaraganimizdagina shunday tuyuladi. Foydalanuvchi uchun esa mantiq ancha sodda: uning bugungi vazifasi telekom, sug‘urta yoki avtomobil xizmatlariga aloqador ekani unchalik muhim emas. Asosiysi, uni tezda, iloji bo‘lsa onlayn tarzda va har safar yangi xizmat izlashga hojat qoldirmasdan hal qilishdir.
Bu transformasiyaning ko‘zga unchalik tashlanmaydigan yana bir jihati bor. Foydalanuvchi yangi raqamli imkoniyatlarni ko‘rayotgan bir paytda, «kapot ostida» ular ishlaydigan infratuzilma rivojlanib bormoqda. «O‘zbektelekom» bulutli yechimlarni rivojlantirmoqda, sun’iy intellekt va Big Data vazifalari uchun zamonaviy ma’lumotlar markazlari hamda hisoblash infratuzilmasini barpo etmoqda. Bundan ko‘rinadiki, kompaniya bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda harakatlanmoqda: bir tomondan, odamlar uchun xizmatlar to‘plamini kengaytirsa, ikkinchi tomondan, usiz bu raqamli xilma-xillikning ishlashi imkonsiz bo‘lgan texnologik poydevorni qurmoqda.
Shu jihati bilan telekom boshqa ko‘plab ekotizimlardan farq qiladi. Marketpleys xaridorga krossovka uchun pul to‘lashni osonlashtirish maqsadida to‘lov tizimini yaratishga majbur bo‘lgan. Operator esa raqamli hayotning zamirida allaqachon mavjud bo‘lgan infratuzilmadan ish boshlaydi va uning ustiga qurish mumkin bo‘lgan imkoniyatlarni bosqichma-bosqich kengaytirib boradi. Bu jarayonda aloqaning o‘zi hech qayerga yo‘qolmaydi. Aksincha, atrofimizdagi narsalar qanchalik raqamlashgani sari, foydalanuvchi deyarli sezmaydigan jihatlar — tarmoq, ma’lumotlarni saqlash, hisoblash quvvatlari va ularning uzluksiz ishlashi shunchalik muhim ahamiyat kasb etadi.
«Barchasi birda»dan keyin-chi?
Biroq bu universallik poygasining ham aniq bir chegarasi bor. Ilovaga cheksiz yangi tugmalar qo‘shib, ularning har biri foydalanuvchi hayotini qulayroq qiladi, deb bo‘lmaydi. O‘sha mashhur «ilovalardan charchash» hodisasi ham shuni ko‘rsatadiki, odamga yuzlab raqamli xizmatlarning o‘zi kerak emas. Unga paydo bo‘lgan ehtiyoj va uning yechimi orasida imkon qadar kam harakat qilish muhim.
Shu bois, keyingi bosqich, aftidan, xizmatlar soniga emas, balki ularning birgalikda qanchalik sezdirmay ishlashiga bog‘liq bo‘ladi. Sun’iy intellekt bu o‘tishni yanada tezlashtiradi: endi odam kerakli ilova, bo‘lim yoki funksiyani qidirish o‘rniga, ko‘pincha vazifani aytishi kifoya qiladi va tizimning o‘zi buning uchun qanday vositalar zarurligini aniqlay oladi. Natijada qiziq bir paradoks yuzaga keladi: texnologik tizim qanchalik murakkablashsa, u inson uchun shunchalik sodda ko‘rinishi kerak.
Ehtimol, bir necha yildan keyin bankning aviachipta sotayotgani, marketpleysning kredit berayotgani yoki operatorning mashinani quvvatlantirishga yordam berayotgani bizni umuman ajablantirmay qo‘yadi. Biznes bozorni uzoq vaqt telekom, fintex, e-commerce va yana o‘nlab boshqa sohalarga ajratishda davom etadi. Ammo odam uchun alohida biron-bir soha mavjud emas. Uning uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifa bor.