HAMAS harakati Isroil hukumati tomonidan G‘azo shahrini bosib olish va uning aholisini majburan ko‘chirish rejalarini keskin qoralab, buni "katta oqibatlarga olib keluvchi harbiy jinoyat" deb atadi.
«Sionistlar “vazirlar mahkamasi” tomonidan G‘azo shahrini bosib olish va uning bir millionga yaqin aholisini majburan evakuasiya qilish rejalari — ishg‘olchi armiya tomonidan sodir etilishi kutilayotgan yangi jinoyatdir», — deyiladi HAMASning juma kuni bergan rasmiy bayonotida.
HAMAS bu rejalarni «havfli va qimmatga tushadigan sarguzasht», deb baholadi va "bu parkdagi sayr emas"ligini ta’kidladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu rahbarligidagi xavfsizlik kabineti juma kuni G‘azo shahri ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish va anklavada "xavfsizlik nazoratini" kengaytirish rejasini ma’qulladi. Isroil 2005 yilda, 38 yillik ishg‘oldan so‘ng, G‘azodan o‘z qo‘shinlari va aholisini chiqarib ketgan edi.
HAMAS ta’kidlashicha, Isroilning "nazorat" so‘zini "ishg‘ol" o‘rnida qo‘llashi — xalqaro javobgarlikdan qochish uchun til bilan manipulyasiya qilishdir.
«Bu qaror — bosqinchi hukumatning muzokaralardan to‘satdan chiqib ketishini anglatadi», — deyiladi harakat bayonotida. Ular kelishuvga yaqin qolinganini ta’kidlamoqda.
HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini olib chiqish, va barcha garovdagilarni bir vaqtning o‘zida ozod etishni nazarda tutuvchi kelishuvga yetish uchun harakatlarini davom ettirishini bildirdi.
Shuningdek, HAMAS Isroil tomonidan urushni yanada kengaytirish qarori garovdagilar hayotiga tahdid solishini ta’kidlab, Netanyaxu hukumati «o‘z fuqarolari taqdiriga befarq» ekanini bildirdi.
«Bu qaror — siyosiy muvaffaqiyatsizlik oqibatida mahbuslarning hayotiga nisbatan bee’tiborlikning yaqqol namunasidir», — deyiladi bayonotda.