Germaniya kansleri Olaf Shols haligacha lampali televizorini ishlatishini aytdi. Bu haqda Bild yozdi.
«Bu qurilma hoynahoy Sholsning sevimli portfeli bilan tengdosh bo‘lsa kerak», — deb yozishmoqda jurnalistlar.
Sholsning eski televizori borligini Drezdendagi tadbirda hamma bilib oldi. Bu tadbirning qaynoq mavzularidan biri nega nemislar elektromobillarni sotib olishga qiziqmasligi haqida edi.
Germaniya kansleri televizori eski bo‘lgani bilan, yaxshi ishlayotganiga urg‘u berdi. Har safar yangi televizor chiqqanini ko‘rsa, baribir bundan ham yangisi chiqadi degan xayol bilan xariddan o‘zini tiyishini aytdi. Sholsning nazarida, boshqa nemislar ham u kabi fikrlashadi, elektromobillar tala-tala bo‘lmayotgani shundan. Ammo u yurtdoshlarini «tavakkal qilish»ga chaqirdi.
Shols 2022 yil sentyabrida qo‘lidagi qora portfelni sotib olganiga 40 yil bo‘lganini aytgandi. Unda ko‘zoynagi, gazeta va qog‘ozlarni olib yurarkan.