UFC sobiq chempioni Habib Nurmagomedov so‘nggi 100 yillikdagi eng buyuk sportchi kim ekanini aytdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar bermoqda.
Dog‘istonlik aralash jang san’ati ustasi Red Corner MMA nashriga bergan intervyusida, afsonaviy bokschi Muhammad Alini so‘nggi bir asrning eng buyuk sportchisi deb atadi:
"Muhammad Ali so‘nggi 100 yillikdagi sayyoramizning eng buyuk sportchisi. Floyd Meyvezerga qarang, hech kim u kabi bo‘lishni istamaydi. Ammo Muhammad Aliga nazar tashlang. Ha, u endi oramizda yo‘q, lekin Ali hozirga qadar nafaqat musulmonlar, balki milliardlab odamlarning kumiri hisoblanadi", — dedi Habib Nurmagomedov.
Muhammad Alining asl ismi Kassius Kley bo‘lgan. U 1942 yil 17 yanvar kuni AQShning Luizvill shahrida tug‘ilgan. 12 yoshidan boshlab boks bilan shug‘ullangan Ali dastlab havaskor sifatida ringga chiqqan. Uning ilk katta yutug‘i 1960 yilgi Olimpiya o‘yinlarida chempionlikni qo‘lga kiritgani bo‘lgan.
1980 yillar boshida faoliyatini yakunlagan Ali, oradan ikki yil o‘tib, 40 yoshida Parkinson kasalligiga chalingani aniqlangan. U 2016 yil, 74 yoshida vafot etdi.
Muhammad Ali professional sportdagi 20 yillik faoliyati davomida jami 56 ta jangda ishtirok etgan. Ushbu bahslarning 51 tasida g‘alaba qozongan (37 tasi nokaut bilan). 5 ta jangda mag‘lub bo‘lgan.