Gvatemala polisiyasi odam savdosi va bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha tergov doirasida ultra-pravoslav yahudiy sektasi "Lev Tahor" yetakchisi Yoel Alterni hibsga oldi.
35 yoshli Alter shu hafta boshida mamlakat poytaxtidagi hukumatga qarashli bolalarni himoya qilish markaziga kiraverishda hibsga olindi, deb xabar bermoqda TRT World.
Polisiya Alterning Meksikadagi odam savdosiga aloqadorlikda ayblanib, Interpol tomonidan qidiruvga berilganini tasdiqladi. U Meksikaga ekstradisiya qilinishi kutilmoqda.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiylar ota-onalari jinsiy zo‘ravonlikda ayblanayotgan kamida 148 bolani davlat himoyasiga olgan. Tergov davom etar ekan, bolalar davlat qamoqxonasida qolmoqda.