Go‘sht va sut mahsulotlari yetishmovchiligini bartaraf etish va ichki bozorda barqarorlikni ta’minlash maqsadida qator yirik loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusi yilda xorijdan 100 ming bosh chorva mollari va 200 ming bosh qo‘y-echki olib kelinadi. Shuningdek, paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarga o‘z yerlarida 20 sotixgacha maydonda yengil konstruksiyali chorva inshootlari qurishga ruxsat berilmoqda.
Import qilinadigan nasldor chorva mollari va bir kunlik jo‘jalar uchun subsidiya ajratish tartibi yana 5 yilga uzaytiriladi.
2025 yilda chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun:
Jahon banki va IFAD resurslari hisobidan 157 mln dollar,
JICAdan 150 mln dollar,
Osiyo taraqqiyot bankidan 60 mln dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ushbu mablag‘lar asosida loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chorvadorlarga 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan, 17 foizli kreditlar beriladi.
Kelgusi yilda:
5 trln so‘mlik 1 000 ta chorvachilik loyihasini ishga tushirish,
Fransiya tajribasi asosida 167 ta tumanda 50–60 boshli 340 ta kichik chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etish rejalashtirilgan.
Mazkur chora-tadbirlar ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, zanjirli ishlab chiqarishni rivojlantirish va fermerlar imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.