Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Bir banda gunoh qilgan vaqt qalbida qora dog‘ paydo bo‘ladi. Agar tavba qilmasdan gunoh qilishni davom ettirsa, u dog‘ kattalashib butun qalbini egallab oladi».
Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Yo‘q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog‘or bo‘lib o‘rnashib olgan, xolos»
(«Mutoffifun» surasi, 14-oyat).
Har bir qilingan gunoh inson qalbida iz qoldirib, yomon oqibatlarga olib keladi. Tavba qilgan bandasiga Alloh taolo o‘z rahmat eshiklarini ochib qo‘ygani bois qilingan gunohi hech qanday zarar yetkazmaydi. Ammo o‘sha inson nadomat qilmay gunohni tark etmasa, qilayotgan ishlariga beparvo qaraydigan bo‘lib qoladi. Allohga osiy bo‘lgan odam ma’naviy qashshoqlik va pushaymonlikka duchor bo‘lib qalb halovatini yo‘qotadi. Gunohkorning qahri qotib boshqalarga nisbatan loqayd bo‘lib qolishi mumkin. Qolaversa, hadisi shariflarda keltirilishicha, osiy bandaning duosi qabul bo‘lmas ekan. Inson zoti mukammal emas.
Gohida adashib itoatsizlik qilib qo‘yadi. Bu uning tabiatida bordir. Mo‘minga ma’siyat og‘ir botib uni azoblab halovatini yo‘qqa chiqaradi. Tavba qilamiz, gunohni tark etamiz va Alloh gunohlarimizni kechirishiga intilamiz. Shunga qaramasdan, biz hech qachon benuqson bo‘la olmasligimizni bilamiz. Onasini og‘ir gap aytib ranjitmoq, muhtojga yordam bermaslik, ishxonada hamkasblar bilan g‘iybat qilmoq kabi arzimas bo‘lib ko‘ringan kichik gunohlarni sodir etib Allohga osiylik qilgan odamning ko‘ngli g‘ash bo‘lib, vijdoni to‘xtovsiz azoblanadi.
Ammo Allohning marhamati bilan har qanday gunoh ortidan Alloh taologa qaytish imkoniyati mavjud. Allohning rahmat eshiklari doim ochiqdir. Ular bizga haqiqiy holatimiz, ojizligimiz va Alloh subhanahu va taologa muhtojligimizni anglab yetishga yordam berishlari kerak. Ma’siyatdan keyin qalbimiz bezovta bo‘lishi bizlarni yanada ko‘proq ibodat va Alloh taologa iltijo qilishimizga chorlamog‘i lozim. Shu orqali Yaratganning cheksiz rahmati va muhabbatini idrok etamiz. Allohning roziligidan uzoqlashtiradigan ma’siyat ishlarni qilganlikni tushunib gunohlarning mag‘firat qilinishi va qalb xotirjamligini qayta his qilish uchun ushbu duolar o‘qilishi kerak:
1. «Allohim, Sen parvardigorimsan, Sendan boshqa iloh yo‘q. Meni xalq qilding va men Sening qulingman. Men Senga bergan va’damda va Senga bergan ahdimda qodir bo‘lganimcha turibman. Qilgan narsalarimning yomonidan Sening noming bilan panoh tilayman. Menga ato qilgan ne’matlaringga iqror bo‘ldim. Va yana gunohlarimga ham iqror bo‘ldim. Mening gunohlarimni kechir. Chunki Sendan boshqasi gunohlarni kechira olmaydi».
2. «Allohim, men nafsimga ko‘p zulm qildim. Gunohlarni Sendan boshqasi kechira olmaydi. O‘zingning huzuringdan bo‘lgan mag‘firat ila meni kechirgin. Va menga rahm qilgin, albatta Sen kechirguvchi, rahmli Zotsan».
3. «Allohim, Sen aybu nuqsonlardan poksan. Gunohlarimni mag‘firat qilishingni va rahmatingni so‘rayman. Ey Alloh, ilmimni ziyoda qil. O‘zing meni hidoyat ato et. Qalbimni diningda sobit qil. Menga rahmatingni ato et. Batahqiq, Sen ne’matlarni hisobsiz beruvchisan».
4. «Ey hay (tirik) va qayyum sifatiga ega bo‘lgan Zot, Sendan yordam so‘rayman. Sha’nimni har bir narsada isloh et va ko‘z yumib ochgunchalik muddat ham o‘z holimga tashlab qo‘yma».
5. «Allohim, gunohlarimni mag‘firat qilishingni so‘rayman. Sen rahmlisan».
Manba: azon.uz