Bugun 29 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Gumon ko‘zgusi

A A A
Gumon ko‘zgusi

Gumon ko‘pincha yomon hodisa hisoblanadi. Ayniqsa, birov haqida badgumon bo‘lish ko‘plab xatolarning boshi, gunohlarning debochasidir. Shuning uchun ham Alloh taolo mo‘minlarni ko‘p gumon qilishdan qaytargan va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam badgumonlikning yomonligini ko‘p bora ta’kidlaganlar.

Odatda «gumon qilyapman», «gumonimcha» degan gap kishiga obro‘ keltirmaydi. Biroq, gumonning kerakli jihatlari va foydalari ham bor. Imom Suyutiy Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, u kishi: «Puxtalik – yomon gumondir», degan ekanlar. Ya’ni kishi ba’zida yomonliklarning oldini olish uchun yomon gumon qilib, shu asosda o‘ziga puxta bo‘lishi, o‘zini ehtiyot qilishi ham kerak. Demak, gumonning salbiy jihati ham, ijobiy jihati ham bor. Ammo biz hozir bu haqda to‘xtalmoqchi emasmiz. Biz gumonning inson ichki olamini, qalbini, asl holatini kashf qilishda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritmoqchimiz.

E’tibor berilsa, ko‘pincha kishining birovlar xususidagi gumoni uning o‘z holatini, haqiqiy qiyofasini, ichki olamini namoyon etadi.

Yolg‘onchi odam rost gapga ham ishonmaydi, chunki u o‘zi yolg‘onchi‑da, shuning uchun boshqani ham yolg‘onchi deb o‘ylaydi va eng rostgo‘y insonning chin so‘ziga ham gumon bilan qaraydi.

Rost gapirib o‘rgangan odam birovning yolg‘oniga ham ishonib ketaveradi, chunki u o‘zi rostgo‘y bo‘lgani uchun boshqani ham o‘zidek fahmlaydi. U hatto aniq yolg‘onlar qarshisida: «Yo‘g‘e, bu odam yolg‘on gapirmasa kerak, bunchalar yolg‘on ishlatish mumkin emas‑ku», deya qaysarlik ham qiladi va qayta‑qayta aldanib ham yuraveradi.

Ayrim odamlar hamisha o‘zini ko‘rsatish g‘amida yashaydi. Ular har bir harakat, har bir so‘zini kimlarnidir mulohazasi ostida bajaradi. Manfaat bermasa, birov maqtamasa, aytarli hech nimaga qo‘li bormaydi, tili aylanmaydi. Bunday odamlar hammani o‘ziga o‘xshatadi. Hatto u bu maydonda xolis insonlar bo‘lishiga ham ishonmaydi. Shu bois, har kim haqida har turli gumon qilaveradi. Sal xizmat ko‘rsatgan yoki biror ishni uddalab, ko‘zga tushgan insonni uchratsa, uni o‘zni ko‘rsatishda ayblaydi: «Ha, bu kishi ham juda o‘zni namoyish etishga ishqiboz bo‘lib ketdi, juda o‘zgardi bu», deya so‘z qotadi. O‘ylamaydiki, hamma ham u kabi suratparast, obro‘parast emas.

Ayni paytda, odamlarning nazariga e’tiborsiz, amalini xolis qiladigan odamlar ham boshqalarni o‘ziga o‘xshatishadi. Ular har kimga ishonib, ko‘p pand yeyishadi ham. Ayniqsa, din xizmati, xalq xizmatida yurgan odam borki, yaxshi niyatli, xolis inson deb o‘ylashadi. Afsuski, ularning bu gumonlari ko‘pincha o‘zini oqlamay qoladi.

Qalbida mansabparastlik dardi bor odamlar hammani mansabparast deb biladi. Har bir harakatchan odam ularning ko‘ziga mansab ilinjida bo‘lib ko‘rinaveradi. Ularning ig‘vogarligidan ko‘rqib odamlar biror ishni dadil qilishga ham cho‘chib qoladi. Xuddi shuningdek, kamsuqum odamlar ham mansabparstlarni tushuna olmay joni halak yuraveradi. Ba’zan ularning bir‑ikki og‘iz balandparvoz gaplariga aldanib chuv tushib ham qolishadi.

Dunyoda har bir ishini qandaydir g‘arazli maqsadlar va uzundan‑uzun xudbinona rejalar bilan qiladigan ayyor odamlar ham bor. Ular har ishda, har bir so‘zda nimadir moddiy manfaat yo maqsadni ko‘zlaydi va shu yo‘lda uzoq rejalar tuzib, shu asosda ish qilishadi. Bunday kimsalarning harakatlari kishini shoshirtirib ham qo‘yadi. Ular ham boshqalarni o‘zlaridek deb gumon qiladi. Oddiy, tabiiy holatda kechgan hodisalar ustida ham qandaydir rejalar, maqsadlar bor deb iddao qilishadi va shu gumonlariga tayanib olamni g‘iybatu shikoyatga to‘ldirishadi. Ular bu gumonlariga ba’zan shunchalar ishonib ketishadiki, xuddi ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan tutgan narsa haqida gapirayotgandek qat’iyat bilan gapirishadi: «Men buni juda yaxshi bilaman, aniq shunaqa», deydi va kerak bo‘lsa, qasam ham ichib yuboradi.

Boshqa tarafda soddadil, tavakkalchi insonlar ham bor. Ular ayrim hiylagarliklarni darrov tushuna qolmaydi ham, birovdan bunday ishni gumon qilmaydi ham. Ular ko‘pincha hiyla‑nayranglarni rostmana oshkor bo‘lgandagina anglab yetishadi va hayratdan lol qotishadi. Ular ba’zan soddalikdan pand yeyaverib, hayotdan bezib ham ketadi.

G‘iybatchi odam o‘zgalarni u haqda g‘iybat qiladi degan o‘yda ich‑etini yeb yuradi. To‘rtta odam to‘plandi deguncha gumonga tushaveradi: ular men haqimda gaplashishyaptiyov, nima deyishyapti ekan‑a? Ana, falonchi menga g‘alati qilib qarab qo‘ydi, kecha ham sovuq ko‘rishib o‘tib ketgandi... Mana shunaqa xayollar bilan g‘iybatchiligi yanada ortadi. Buning muqobilida g‘iybatga o‘rganmagan odam o‘zi bilan band, o‘z fikru xayoli bilan ovora, odamlar u haqda ig‘vo tarqatayotsa ham bilmay yuraveradi va bu haqda o‘ylab ham o‘tirmaydi.

Har ishda o‘g‘rilikcha nimadir undirishga o‘rgangan ustasifaranglar boshqalarning har bir harakatiga gumon bilan qaraydi. Ular kasbdoshlarining yurish‑turishini “nazorat qilish”dan charchamaydi. Ishxonadan u bilmagan bitta piyola yo‘qolsa, darrov sherigidan gumon qiladi, uni o‘g‘riga chiqaradi. Uning xayoliga piyolaning sinishi mumkinligi emas, o‘g‘rilanishi birinchi bo‘lib keladi. Boshqa tarafda esa halollikka o‘rgangan odamlar shundoq yonida turgan muttaham hammayoqni o‘marib tashlasa ham hech nimani sezmay, o‘sha “o‘yinchilar”ni hurmat qilib, ular bilan opoq‑chapoq bo‘lib yuraveradi.

Hamma narsani moddiyat tarozisida o‘lchaydigan manfaatparast kimsalar ma’naviy omillarni hech qachon his eta olmaydi, hech bir odam moddiy manfaat bo‘lmasa, hech nima qilmaydi, degan o‘yda yuradi. Ular dinu xalq uchun xolis xizmat qiladigan odam yo‘q, hammaning dardi pul, deb o‘ylashadi va chin dildan xizmat qilayotgan odamlarni munofiqona masxara ham qilib qolishadi. Muxlis kishilar ham hammani o‘zlariga o‘xshatishadi, qandaydir moddiy manfaat rejasida, riyokorlik ilinjida qilingan ishlarni ham xolis deb qabul qilishadi va ko‘pincha yolg‘on da’volarga ishonib ham qolishadi.

Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin. Ammo maqsadni tushuntirish uchun shuning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak.

Xulosa qilib aytganda, kishi o‘z gumon ko‘zgusida o‘z shaxsiyatini, ichki olamini, axloqini taftish qilib olishi mumkin. Bu bilan inson o‘zining qalbidagi illatlarni aniqlashi va shu asosda ruhiy tarbiyasini o‘nglashi, qalbini, axloqini tuzatishi darkor. Shu bilan birga, jamiyatdagi ayrim kishilarning, xususan, yaqinlarning shaxsiyatini aniqlashda, ularning birovlar haqidagi so‘zlarini tahlil qilishda ushbu “ko‘zgu” juda ish beradi.

To‘g‘ri, ba’zan noqulay vaziyatlar, buzuq muhit sababli kishida badgumonlik ortishi, uning ichki olamiga daxldor bo‘lmagan gumonsirash ro‘y berishi ham mumkin. Ammo bu istisnoli holat hisoblanib, umumiylik ma’nosini kasb etmaydi.

Alloh taolo barchalarimizning ichu tashimizni isloh qilib, nafsimizni tarbiya qilishmizda O‘zi madadkor bo‘lsin!

Hasan al Muqriy

Manba: azon.uz

Kiritildi: 14:32 10.07.2018. O'qildi: 5355 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!