Bugun 10 iyun, 2026 yil, chorshanba

КИР

Gonkong OAV O‘zbekiston turizmiga yuqori baho berdi: vizasiz rejim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar kutilmoqda

Gonkong OAV O‘zbekiston turizmiga yuqori baho berdi: vizasiz rejim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar kutilmoqda

“HK TVB News Today” telekanali orqali Gonkong va O‘zbekiston o‘rtasida vizasiz rejim muddati uzaytirilayotgani hamda ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda ekani, shuningdek, Gonkong sayyohlik agentliklari ikki tomonlama turizmni rivojlantirishga umid bilan qarayotgani haqida material e’lon qilindi.

“Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston poytaxti Toshkentda ochilgan Islom sivilizasiyasi markazi mamlakatning noyob arxitektura timsoliga aylandi. U texnologik yutuqlarni o‘zida mujassam etgan holda an’anaviy islom estetikasini namoyish etadi. Uning kolleksiyasida bizgacha yetib kelgan dunyoning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan Qur’oni Karimning “Usmon Mushafi” mavjud”, deyiladi ko‘rsatuvda.

Materialda Xitoydan O‘zbekistonga kelgan sayyoh Ni xonimning fikrlari ham keltirilgan: “Islom sivilizasiyasi markazining qurilishi islomiy an’analardan kelib chiqqan. Ularning naqshlari va bezaklari juda murakkab bo‘lib, bu Xitoy arxitekturasidan keskin farq qiladi”.

“O‘zbekistonga xos arxitekturani hamma joyda uchratish mumkin, jumladan, metro stansiyalarida. Toshkent Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va eng uzun metro liniyasiga ega. Shuningdek, poytaxtda 375 metr balandlikdagi teleminora mavjud bo‘lib, u sayyohlar uchun shaharni kuzatuv maydoni sifatida ham xizmat qiladi.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda viza tartibini yumshatish va transport infratuzilmasini yaxshilash orqali turizm industriyasini jadal rivojlantirmoqda. O‘tgan yili mamlakat o‘n bir milliondan ortiq xorijiy sayyohni qabul qildi.

Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus ma’muriy hududi administrasiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegasiyaning O‘zbekistonga tashrifi davomida sayyohlar uchun vizasiz muddatni 10 kundan 30 kungacha uzaytirishga kelishib olindi, shuningdek, ikki davlat aviakompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham dastlabki kelishuvga erishildi.

Vizasiz muddatni o‘ttiz kungacha uzaytirish juda foydali bo‘ladi, chunki sayyohlar uchun odatda o‘n kun yetarli emas. Agar kelajakda Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bo‘lsa, bu sayyohlik guruhlari uchun juda qulay bo‘ladi. Hozirda Gonkongliklar juda kam odam O‘zbekistonga sayohat qiladi, chunki ular boshqa mamlakatlar orqali Toshkentga tranzit reyslar orqali borishni yoqtirmaydilar”, deb yoritilgan materialda.

Shuningdek, ko‘rsatuvda Gonkong sayyohlik agentliklari assosiasiyasi prezidenti Yip Xingning intervyusi berilgan: “Yaqin Sharqdagi urushlar boshlanganidan keyingina biz bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun ishlashimiz kerakligini tushundik. Sayohat qilishda eng muhimi — xavfsizlik. Men O‘zbekiston barcha uchun juda xavfsiz ekanligini ko‘rdim. Hatto tunda mehmonxonadan tashqariga chiqishdan tashvishlanishga hojat yo‘q”.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 6-iyun kuni mamlakatimizga Gonkongdan bir guruh turizm kompaniyalarining 70 dan ortiq vakili tashrif buyuradi. Tashrif davomida delegasiya a’zolari Toshkent, Samarqand va Buxoro yo‘nalishlarida mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtiriladi.

Ma’lumki, Gonkong Osiyo mintaqasining eng yirik moliyaviy, biznes va logistika markazlaridan biri hisoblanadi. Shu bois O‘zbekiston uchun mazkur hudud nafaqat turistik bozor, balki investisiya va xalqaro hamkorlik nuqtai nazaridan ham muhim strategik yo‘nalish sanaladi.

Kiritildi: Bugun 16:10. O'qildi: 231 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!