Germaniyadagi ilmiy markaz Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi Rossiya oligarxidan pul olgan — Süddeutsche Zeitung.
Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal shtatidagi Yulix tadqiqot markazi (FZJ) fizika, kimyo, biologiya va tibbiyot sohalariga ixtisoslashgan bo‘lib, Germaniya davlatidan moliyaviy mablag‘ oladi. Uning yillik byudjeti taxminan 500 million yevroni tashkil etadi.
Nemis nashrining yozishicha, 2022–2025 yillarda FZJ "Euro-Chem Agro GmbH" kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida beshta loyiha o‘tkazgan va ular uchun 221 457 yevro olgan. Bu kompaniya Germaniyaning Mangeym shahrida joylashgan, biroq u bosh qarorgohi Shveysariyada bo‘lgan "Euro-Chem Group AG" kompaniyasining sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. Ushbu kompaniya esa o‘z navbatida rossiyalik milliarder Andrey Melnichenko bilan iqtisodiy jihatdan bog‘liq, deb yozmoqda Süddeutsche Zeitung.
Rossiyalik tadbirkor va yirik investor Melnichenko — Sibir ko‘mir energetika kompaniyasi (SUEK) va "Evroxim" kompaniyasi asoschisidir. Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan ko‘p o‘tmay, 2022 yil 9 martda YEI Melnichenkoga qarshi sanksiyalar joriy qilgan, biroq bundan bir kun oldin oligarx o‘ziga tegishli kompaniyalarni rafiqasi Aleksandraning nomiga qayta rasmiylashtirgan. Bu Shveysariyaga uning kompaniyalaridan sanksiyalarni olib tashlash imkonini bergan.
FZJ jurnalistlar so‘roviga javoban bildirishicha, ilmiy markaz sanksiyalar ro‘yxatini tekshirishni faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomaviy hamkori bo‘lgan "Euro-Chem Agro GmbH" bilan cheklagan va kompaniyaning mulkchilik tuzilmasiga aniqlik kiritmagan.