Bugun 13 oktyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Germaniyada Rossiyaga dastgohlar yashirincha yetkazib berilgani fosh qilindi

Germaniyada Rossiyaga dastgohlar yashirincha yetkazib berilgani fosh qilindi

Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga qaramay, bu mamlakatga o‘q-dorilar yoki transport vositalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan nemis dastgohlari kelishda davom etmoqda. Bu haqda Germaniyaning SWR telekompaniyasining 10 oktyabr, payshanba kuni bojxona hujjatlari, shuningdek, fotosuratlar va videolar tahlil qilingan surishtiruvida aytiladi. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.

Rossiya harbiy ishlab chiqarish uchun nemis texnikasini olyapti

2023 yilda Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tib, nemis ishlab chiqaruvchilaridan 300 dan ortiq kompyuterda boshqariladigan avtomatlashtirilgan mashinalarni oldi, deya xabar beradi jurnalistlar bojxona hujjatlariga tayanib. Bunday mashinalar to‘liq avtomatik ravishda, masalan, po‘latni kesish, metall plitalarni egish yoki metall qismlarni payvandlash imkonini beradi. Material mualliflarining fikriga ko‘ra, ushbu raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarisiz avtomobillar, samolyotlar va o‘q-dorilarni ishlab chiqarishni «deyarli tasavvur qilib bo‘lmaydi».

Jurnalistlar Ukraina Iqtisodiy xavfsizlik kengashining katta tahlilchisi Yelena Yurchenkoning ma’lumotlariga tayanib, Rossiyadagi raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarining 80 foizi hozirda harbiy ishlab chiqarish uchun ishlatilishini bildirdi. «Raqamli dasturiy boshqaruv mashinalari bilan ular juda tez va aniqroq ishlab chiqarishlari mumkin, bu ayniqsa qurol sanoatida juda muhim, bu ularga yanada halokatli qurollarni ishlab chiqarish imkonini beradi. Germaniya esa bu dastgohlarni ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi, uning Rossiya bozoridagi ulush 30 foizgacha», — dedi ukrainalik ekspert.

30 dan ortiq nemis dastgohlar ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsuloti RFga yetkazib berilmoqda

SWR video va foto materiallardan foydalangan holda aniqlashicha, nemis mahsulotlari Rossiya armiyasini samolyotlar va raketalar uchun dvigatellar va qismlar bilan ta’minlovchi kompaniyalar tomonidan faol foydalaniladi. Bu kompaniyalar orasida «KamAZ», NIR, «Industrialnie resheniya», «Parsek» bor.

Jurnalistlar o‘tgan yili dastgohlari Rossiyaga eksport qilingan 30 dan ortiq nemis ishlab chiqaruvchilarini aniqladilar. Ushbu kompaniyalarning aksariyati o‘zining ko‘plab muhandislik firmalari bilan mashhur bo‘lgan Baden-Vyurtemberg yerida joylashgan. Ular orasida Tyubingendan Walter Maschinenbau , Biberachdan Vollmer, Shvebish-Gmyunddan Fein GmbH, Nyurtingendan Heller va boshqalar bor.

Taxminan uchdan ikki qismdagi holatlarda Germaniyadan uskunalar Turkiya orqali Rossiyaga olib kelingan. Ba’zi turk vositachilari Rossiya Federasiyasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga ega, ba’zilariga esa hatto rossiyalik tadbirkorlar tomonidan asos solingan, deya xabar beradi telekompaniya.

Kompaniyalar qonun buzilganini rad etyapti

Nemis kompaniyalari SWR'ga Moskvaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishlarini va ularning dastgohlari Rossiyaga qanday tushib qolganini bilmasliklarini ma’lum qildi. Nemis mashinasozlari uyushmasi firmalar odatda sanksiyalar qoidalari va qonunlariga rioya qilishini taxmin etdi. «Mavjud qonunchilikka rioya qilmagan kompaniyalar va vositachilar jinoiy javobgarlikka tortilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi sanoat uyushmasi telekompaniyaning so‘roviga javoban.

Shu bilan birga, Kiyev Iqtisodiyot maktabidan sanksiyalar bo‘yicha ekspert Benjamin Xilgenstok nemis kompaniyalari har doim ham o‘z mahsulotlari qayerga yuborilganini bilmaydi, lekin «tekshirib ko‘rishsa, aniq bilib olishlari mumkin», deb hisoblaydi. «Sanksiyalarni chetlab o‘tish — bu juda foydali biznes, odatda, uchinchi davlatda buni qiladigan va buning uchun yaxshi pul oladigan odam bo‘ladi», deb tushuntiradi u. Ekspert Germaniya hukumatini kompaniyalarning o‘z mahsulotlarini yetkazib berish zanjirlarini nazorat qilish majburiyatlarini kuchaytirishga va sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi choralarni qat’iylashtirishga chaqirdi.

Kiritildi: 16:50 12.10.2024. O'qildi: 683 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!