Bugun 31 iyul, 2026 yil, juma

КИР

Germaniyada issiqlik tufayli bu yil qariyb 10 ming kishi vafot etdi

Germaniyada issiqlik tufayli bu yil qariyb 10 ming kishi vafot etdi

Germaniyada 2026 yil boshidan buyon ekstremal issiqlik oqibatida qariyb 10 ming kishi vafot etgan. Bu haqda mamlakatning Robert Kox instituti (RKI) haftalik hisobotida ma’lum qildi.

Institut ma’lumotiga ko‘ra, 19 iyul holatiga issiqlik bilan bog‘liq o‘limlar soni 9800 nafarga yetgan. Bu 2016 yildan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, hatto avvalgi to‘liq yillar rekordidan ham oshib ketgan.

Mutaxassislar bu holatni yoz boshida mamlakatni qamrab olgan uzoq davom etgan ekstremal haroratlar bilan izohlamoqda. Eng og‘ir davr iyun oyining ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, ayrim hududlarda havo harorati +40 darajagacha ko‘tarilgan. Shu davrning o‘zida 5 mingdan ortiq o‘lim holati qayd etilgan.

RKI ma’lum qilishicha, issiqlikdan eng ko‘p jabr ko‘rganlar 75 yosh va undan katta bo‘lgan fuqarolardir. Vafot etganlarning 7880 nafari aynan shu yosh toifasiga mansub. Shuningdek, qurbonlar orasida ayollar soni erkaklarga nisbatan ko‘proq bo‘lgan. Mutaxassislar buni katta yosh guruhlarida ayollar ulushining yuqoriligi bilan izohlamoqda.

Institut ma’lumotiga ko‘ra, bundan avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 2018 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda issiqlik oqibatida taxminan 8900 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, issiqlik kamdan-kam hollarda o‘limning bevosita sababi bo‘ladi. Ko‘pincha yuqori harorat mavjud surunkali kasalliklar bilan birgalikda inson salomatligiga og‘ir ta’sir ko‘rsatadi.

Germaniya Kasalxonalar jamiyati esa tibbiyot muassasalarida sovutish tizimlarini modernizasiya qilish zarurligini bildirdi. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Germaniya shifoxonalaridagi palatalarning faqat kichik qismi kondisioner yoki boshqa sovutish vositalari bilan jihozlangan.

Kiritildi: 22:46 30.07.2026. O'qildi: 180 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!