Germaniya Federal oliy sudi tadbirkor Alisher Usmonovning Yevropa Ittifoqi Kengashiga qarshi da’vosi bo‘yicha hujjatlarni javobgarga yetkazishga to‘sqinlik qilishni noqonuniy deb topdi. Bu haqda Die Welt nashri xabar berdi.
21 oktyabrda qabul qilingan sud qaroriga ko‘ra, Gamburg sudi raisining da’vo hujjatlarini Yevropa Ittifoqi Kengashiga yuborishdan bosh tortishi qonunga zid bo‘lib, tadbirkorning huquqlarini buzgan.
Gap Usmonovning 2023 yil dekabrda kiritgan da’vosi haqida ketmoqda. Usmonov Yevropa Ittifoqi 2022 yilda shaxsiy sanksiyalarni asoslash uchun e’lon qilgan ayrim ma’lumotlarni yolg‘on va obro‘siga putur yetkazuvchi deb hisoblab, ularni tarqatishni taqiqlashni talab qilgan.
Xususan, sanksiyalar asosnomasida Forbes jurnalidagi Usmonovning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ehtimoliy aloqalari haqidagi iddaolardan foydalanilgan. 2024 yil yanvarda Gamburg sudi Forbes nashriga ushbu iddaolarni tarqatishni taqiqlagan edi.
Biroq Usmonovning Yevropa Ittifoqi Kengashiga qarshi da’vosi bo‘yicha hujjatlarni Bryusselga yuborish jarayoni to‘xtatib qo‘yilgan. Die Welt ma’lumotiga ko‘ra, Gamburg sudi raisi bunday qarorni Germaniya Adliya federal idorasi bilan maslahatlashuvlardan keyin qabul qilgan. Idora esa Tashqi ishlar vazirligining e’tirozlarini bildirgan.
Federal oliy sud sud raisining bunday rad javobiga vakolati bo‘lmaganini aniqlab, avvalgi qarorlarni bekor qildi.
Usmonovning advokati Yoaxim Shtaynxyofel sud qarorini sharhlar ekan, odil sudlovdan foydalanish huquqi hukumatning tashqi siyosiy yo‘nalishiga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.
Die Welt ma’lumotiga ko‘ra, Usmonov 2026 yil sentyabrda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilgan. Biroq u e’tiroz bildirayotgan ayrim ma’lumotlar Yevropa Ittifoqining rasmiy resurslarida saqlanib qolgan.
Ma’lumot uchun, Germaniya Federal oliy sudining qarori Usmonovning da’vosini mazmunan qanoatlantirishni anglatmaydi. Sud hozircha da’vo hujjatlarini javobgarga yetkazishga qo‘yilgan to‘siqni noqonuniy deb topgan. Endi ishni mazmunan ko‘rib chiqish imkoniyati ochilmoqda.