Germaniyaning Konstitusiyani himoya qilish federal idorasi (aksil-razvedka agentligi) Germaniyaning o‘ta o‘ngchi "Germaniya uchun muqobil" (AfD) partiyasini ekstremistik deb topdi.
"Qochqinlar va muhojirlarga qarshi davom etayotgan targ‘ibot bu guruh odamlarga nisbatan xurofot, nafrat va qo‘rquvni yoyish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi”, — deyiladi kontrrazvedka bayonotida.
Bayonotda qayd etilishicha, AfD musulmon davlatlaridan hijrat qilgan Germaniya fuqarolarini jamiyatning teng huquqli a’zolari sifatida tan olmaydi. Partiya uch yil davomida tekshiruvdan o‘tkazildi. AfD vakillarining bayonotlari va xatti-harakatlari, jumladan, ularning o‘ng qanot ekstremistik guruhlar bilan aloqalari o‘rganildi. Oxirgi uchta shtat parlamenti (Landtag) saylovlari bo‘yicha saylov kampaniyasi davomida partiya faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Aprel oyi oxirida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, “Germaniya uchun muqobil” respondentlarning 26 foizi qo‘llab-quvvatlagan holda Germaniyadagi eng ommabop siyosiy kuchga aylandi. Bu partiyani qo‘llab-quvvatlashning rekord darajasidir. Fevral oyida Bundestagga muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tdi, unda AfD 20,8% ovoz bilan tarixda birinchi marta ikkinchi o‘rinni egalladi. Saylovda Xristian-demokratik va xristian-sosial ittifoqlar bloki g‘alaba qozondi.