BILD nashri uchun maxsus o‘tkazilgan INSA so‘roviga ko‘ra, nemislarning atigi 14 foizi Fridrix Mersni yaxshi kansler deb biladi. 78 foiz respondent esa uning hukumat rahbari lavozimida qolishiga qarshi. Hatto XDS/XSS (CDU/CSU) tarafdorlari orasida ham Mersni qo‘llab-quvvatlovchilar atigi 36 foizni tashkil etadi, 58 foiz esa unga qarshi.
Blokdagi siyosatchilar orasida Mersga eng mashhur muqobil nomzod XSS rahbari Markus Zyoder bo‘ldi: uni barcha respondentlarning 31 foizi, XDS/XSS tarafdorlarining esa 50 foizi ma’qul ko‘rgan. Keyingi o‘rinlarda Shimoliy Reyn — Vestfaliya bosh vaziri Xendrik Vyust — 20 foiz, ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt — 13 foiz bilan qayd etilgan.
Koalisiyadagi hamkor — SDPGda ham muammolar mavjud. Respondentlarning 51 foizi Lars Klingbayl endi SDPG rahbari bo‘lishga mos emas, deb hisoblaydi, uni qo‘llab-quvvatlovchilar esa 24 foiz. Ehtimoliy vorislar orasida eng mashhuri mudofaa vaziri Boris Pistorius bo‘ldi — uni barcha respondentlarning 34 foizi, SDPG saylovchilarining esa 51 foizi qo‘llab-quvvatlagan.
So‘rov shuningdek, «Germaniya uchun muqobil» (AfD) partiyasiga munosabatda jamiyat ikkiga bo‘linganini ko‘rsatdi: 42 foiz partiyani taqiqlashni qo‘llab-quvvatlaydi, 45 foiz esa bunga qarshi. AfDga nisbatan siyosiy «brendmauer» (izolyasiya siyosati)dan voz kechishni 46 foiz istaydi, 34 foiz esa bu siyosatni saqlab qolish tarafdori.