Bugun 5 iyun, 2026 yil, juma

КИР

Germaniya BMT Xavfsizlik Kengashiga saylanmay qoldi va buning uchun Rossiyani ayblamoqda

Germaniya BMT Xavfsizlik Kengashiga saylanmay qoldi va buning uchun Rossiyani ayblamoqda

Germaniya tarixda ilk bor BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylanmadi. BMT Bosh Assambleyasida bo‘lib o‘tgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra, mamlakat zarur ovozlarni to‘play olmadi.

Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, Portugaliya 134, Avstriya esa 131 ovoz oldi. Germaniyani esa 104 davlat qo‘llab-quvvatladi. Saylanish uchun kamida 127 ovoz talab etilardi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful natijani «achchiq mag‘lubiyat» deb baholadi. Uning fikricha, mamlakatning Ukraina va Isroilni faol qo‘llab-quvvatlashi ayrim davlatlarning qarshiligiga sabab bo‘lgan.

Vadeful Rossiya Germaniyaning Xavfsizlik Kengashiga saylanishiga qarshi kampaniya olib borganini aytdi.

«Biz Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz va Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida bunday pozisiyaga ega davlatni ko‘rishni istamaydi», dedi u.

Vazirning ta’kidlashicha, Germaniyaning Yaqin Sharq mojarosida Isroilni qo‘llab-quvvatlashi ham ayrim davlatlar ovoziga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, u saylovoldi diplomatik kampaniya kech boshlanganini ham mag‘lubiyat sabablaridan biri sifatida ko‘rsatdi.

BMT Xavfsizlik Kengashi besh doimiy a’zo — Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQShdan hamda o‘nta doimiy bo‘lmagan a’zodan iborat. U xalqaro tinchlik va xavfsizlikka oid sanksiyalar joriy etish yoki kuch ishlatishni ma’qullash kabi majburiy qarorlar qabul qilish vakolatiga ega yagona BMT organi hisoblanadi.

Germaniya bu lavozimga avval olti marta saylangan bo‘lib, shu vaqtgacha Bosh Assambleya ovoz berishida hech qachon mag‘lubiyatga uchramagan edi.

Saylov natijalari Germaniya kansleri Fridrix Mers uchun ham jiddiy siyosiy zarba sifatida baholanmoqda. Mutaxassislar fikricha, u mamlakat ichidagi murakkab vaziyatlar bilan bir qatorda, xalqaro maydonda ham nufuziy sinovga duch kelmoqda.

Ayni paytda, Qirg‘iziston tarixda birinchi marta BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylandi.

Kiritildi: 21:21 04.06.2026. O'qildi: 289 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!