Bugun 27 iyul, 2026 yil, dushanba

КИР

Germaniya 2027 yildan majburiy harbiy xizmatni tiklashi mumkin

Germaniya 2027 yildan majburiy harbiy xizmatni tiklashi mumkin

Germaniya hukumati 2027 yildan boshlab erkaklar uchun majburiy harbiy xizmatni qayta joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph nashri parlamentdagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Bundesver 2035 yilga qadar harbiy xizmatchilar sonini 260 ming nafarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Biroq harbiy qo‘mondonlik bu maqsadga faqat ko‘ngillilar hisobiga erishish mumkinligiga shubha bilan qaramoqda.

The Telegraph yozishicha, Germaniya «Rossiyadan kelayotgan tahdidning kuchayishi» fonida mudofaa salohiyatini oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Parlament mudofaa qo‘mitasi hamda Xristian-demokratik ittifoq partiyasidagi manbalarning ta’kidlashicha, agar armiya safini ko‘ngillilar orqali to‘ldirish imkoni bo‘lmasa, mamlakat majburiy harbiy xizmat tizimiga qaytishga majbur bo‘ladi. Bu masala bo‘yicha qaror 2027 yil 31 iyulga qadar qabul qilinishi kutilmoqda.

Parlament mudofaa qo‘mitasi raisi Tomas Revekamp The Telegraph nashriga bergan intervyusida Bundesver faqat ixtiyoriy chaqiruv orqali qo‘shimcha 75 ming nafar harbiyni jalb qilish imkoniyatiga shubha bildirgan.

«Bu ulkan maqsadga qanday erishishimiz haqida jiddiy muhokama olib borishimizga to‘g‘ri keladi», — dedi u.

Germaniya 2011 yilda majburiy harbiy xizmatni bekor qilgan edi. Tomas Revekampning aytishicha, Rossiya–Ukraina mojarosi boshlanganidan keyin mamlakat o‘zining mudofaa siyosati va harbiy tayyorgarligiga nisbatan yondashuvini qayta ko‘rib chiqqan.

2025 yil oxirida Germaniya hukumati «Ixtiyoriy harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonun doirasida barcha erkaklar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazishni boshlagan. Shuningdek, 2026 yil aprel oyida Bundesver urushdan keyingi davrdagi ilk harbiy strategiya konsepsiyasini taqdim etgan bo‘lib, unda 2039 yilga kelib Yevropadagi eng kuchli quruqlik qo‘shinlaridan birini shakllantirish maqsadi belgilangan.

Kiritildi: 19:58 27.06.2026. O'qildi: 761 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!