Germaniya hukumati bolalarning internetdagi xavfsizligini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Takliflar orasida 13 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash, o‘smirlarga nisbatan cheklovlar joriy etish va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus ta’lim dasturini ishlab chiqish bor.
Hukumat islohotning asosiy yo‘nalishlarini ma’qullagan, biroq tegishli qonunlar hali qabul qilinmagan.
Evropa Ittifoqi darajasida yagona qoidalar joriy etilguniga qadar Germaniya o‘z cheklovlarini belgilashni rejalashtirmoqda. Bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan platformalar bundan mustasno bo‘lishi mumkin. 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun esa bir necha bosqichli cheklovlar nazarda tutilgan. Biroq ularning aniq shartlari hozircha belgilanmagan.
Hukumat ijtimoiy tarmoqlar platformalarini bolalar xavfsizligini dastlabki bosqichdan hisobga olishga majburlashni ham taklif qilmoqda. Jumladan, algoritmik tavsiyalarni dastlabki holatda o‘chirib qo‘yish, shuningdek, foydalanuvchilarni uzoq vaqt internetda ushlab turishga qaratilgan funksiyalarga qarshi choralar ko‘rish rejalashtirilgan. Bunday funksiyalarga lentani cheksiz aylantirish va videolarni avtomatik namoyish etish kiradi.
Yana bir tashabbus — «II-Seepferdchen» deb nomlangan dastur. Uning nomi Germaniyada bolalarga suzishni o‘rgangani uchun beriladigan maxsus nishondan olingan.
Dastur boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellekt ilovalarini tanish, ularning imkoniyatlari va xavflarini tushunish hamda texnologiyalardan ongli foydalanishni o‘rgatishga qaratilgan.
Hozircha gap kelgusi siyosatning asosiy yo‘nalishlari haqida bormoqda. Cheklovlar qachon kuchga kirishi hozircha ma’lum emas.
Bitkom so‘rovi natijalariga ko‘ra, Germaniya aholisining 79 foizi bolalar uchun «II-Seepferdchen» dasturini foydali deb hisoblaydi.