Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov juda katta miqdorda pora olganlikda gumonlanib, sud tomonidan hibsga olindi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenko ma’lum qildi.
«Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-2023 yillarda Kuznetsov Rossiya Federasiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabining sakkizinchi boshqarmasi boshlig‘i sifatida tijorat tuzilmalari vakillaridan ularning foydasiga muayyan harakatlar qilgani uchun pora olgan», dedi Petrenko.
Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Tergov qo‘mitasi Kuznetsovning haqiqiy yashash va ro‘yxatdan o‘tgan joylarida tintuv o‘tkazish chog‘ida 100 million rubldan ortiq pul va xorijiy valyutadagi mablag‘lar, tilla tangalar, kolleksiya soatlari va qimmatbaho buyumlar topilganini va olib qo‘yilganini qayd etdi.