G‘azoning Tal al-Sulton hududida gumanitar yordamga kelgan falastinliklarga qarata o‘q uzildi. Bu safar Isroil harbiylari emas, balki noma’lum qurollangan mahalliy shaxslar ham otishmada qatnashgani guvohlar tomonidan tasdiqlandi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, otishma oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘ldi, 99 kishi turli darajada tan jarohati oldi. Isroil Mudofaa kuchlari voqea yuzasidan surishtiruv olib borilayotganini bildirdi. Ular avval ham shubhali shaxslar ogohlantirishga inobat qilmagan hollarda o‘q uzilganini ma’lum qilgan, biroq tinch aholiga otilganini rad etgan.
Hodisaning eng xavotirli jihati — o‘q uzganlar orasida yuzi niqoblangan, fuqarolik kiyimdagi mahalliy qurollangan shaxslar ham bo‘lgani. Ular odamlarga qarshi o‘q uzishdan tashqari, yordam qutilarini tortib olgani ham aytilmoqda.
Tal al-Sultondagi yordam punktlari GHF tashkiloti tomonidan tashkil etilgan. GHF rasmiy bayonotiga ko‘ra, ushbu hududdagi markaz ommaviy tartibsizliklar sababli ochilmagan. Ammo tashkilot boshqa ikki nuqtada yordam tarqatish muvaffaqiyatli o‘tganini bildirgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi ikki haftada 11 milliondan ziyod oziq-ovqat tarqatilgan, biror jiddiy hodisa qayd etilmagan.
Shu bilan birga, G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu muddatda yordam punktlarida 127 kishi halok bo‘lganini va 1 287 nafar kishi yaralanganini qayd etmoqda. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar GHF bilan hamkorlikdan voz kechgan. Ularga ko‘ra, bu tizim neytrallik va mustaqillik tamoyillariga zid, yordam siyosiy qurolga aylanmoqda.
G‘azodagi 2,1 million aholi uchun yordam — hayot masalasi. Ammo bugungi sharoitda yordam olishning o‘zi hayot uchun xavfli bo‘lib qolmoqda.