Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, agar XAMAS shanba kuni tushdan keyin garovga olinganlarni qaytarmasa, Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarni qayta boshlashini ma’lum qildi, deb xabar beradi BBC.
“Agar XAMAS shanba kuni tushdan keyin bizning garovdagilarni qaytarib bermasa, kelishuv tugaydi va SAXAL XAMAS mag‘lubiyatga uchramaguncha intensiv harbiy amaliyotlarni davom ettiradi”, – dedi Netanyaxu harbiy vazirlar mahkamasi a’zolari bilan uchrashuvdan so‘ng bergan bayonotida.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti Donald Tramp XAMASdan shanba kuni tushga qadar barcha garovga olinganlarni ozod etishni talab qildi, aks holda “haqiqiy do‘zax boshlanadi”.
“Xamas nima haqida gapirayotganimni tushunadi”, – dedi u.
Bir kun avval jangarilar Isroil o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlariga rioya qilmayotganini iddao qilib, isroillik mahbuslarni ozod qilish va ularni falastinlik asirlarga almashtirishning navbatdagi bosqichini to‘xtatish bilan tahdid qilgan edi.
Isroil Mudofaa vaziri Israel Kas XAMAS bayonotiga izoh berdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan shanba kuni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv doirasida XAMAS 3 nafar isroillikni Qizil Xochga topshirgan edi.
Shu tariqa XAMAS jami 16 nafar isroillikni ozod qildi, 17 kishi jangarilar qo‘lida qolmoqda. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, bu 17 kishidan sakkiz nafari vafot etgan, ya’ni Isroil yana to‘qqiz nafarining ozod etilishini kutmoqda.
XAMAS shu shanba kuni yana uch isroillikni ozod qilishi kerak edi. Buning evaziga Isroil bir qancha falastinlik mahbuslarni ozod qilishga rozi bo‘ldi.