AQSh prezidenti Donald Tramp administrasiyasi Eron vakillari bilan Ummon hududida muzokaralar o‘tkazishga rozilik berdi.
Bu haqda Amerikaning Axios portali jurnalisti Barak Ravid arab davlatlaridan biridagi manbasiga tayanib xabar berdi.
«AQSh va Eron o‘rtasidagi yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar juma kuni Ummonda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda», — deb yozdi reportyor X ijtimoiy tarmog‘ida.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv joyining o‘zgarishi Eron tomonining tashabbusi bilan yuz bergan. Vashington Tehronning maslahatlashuvlarni Turkiyadan ko‘chirish bo‘yicha so‘rovini qanoatlantirgan.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, Ummondagi muzokaralarda arab va musulmon davlatlari ishtirok etishi yoki muloqot faqat ikki tomonlama formatda o‘tishi bo‘yicha maslahatlashuvlar hali ham davom etmoqda.