Isroilning kutilmagan hujumlari oqibatida "o‘lim juda yaqin" ekanligi his qilinmoqda.
Al-Jazeera: Hozir o‘lim juda yaqinlashib qoldi. Bu yerda xavfsiz joy qolmadi.
Bu shifoxonaga hujum qilinmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Isroilning bu yerdagi tibbiyot muassasalariga ataylab hujum qilgan tarixi mavjud.
Chorasizlikdan tobora ko‘proq odamlar bu shifoxonaga kelayotganini ko‘ryapmiz. Ular xalqaro huquq bo‘yicha himoyalangan tibbiyot muassasasi bo‘lgani uchun bu yer ularni asraydi deb o‘ylashadi. Shu sababli ular shifoxonaga oqib kelishmoqda.
Biroq, ularning ichki xavotiri va tashvishini chuqur his qilamiz. Biz ham bu tashvishni baham ko‘ramiz, chunki o‘zimiz ham xavotirdamiz.
Bu yerda hech narsa xavfsiz emas... Qaysi binoga zarba berilishini bilmaysiz. Oldingizda ketayotgan mashinaga havo hujumida zarba tushishi-tushmasligini bilmaysiz.
Buni oldindan aytib bo‘lmaydi. Bu yerdagi hujumlarning ko‘pchiligi kutilmaganda sodir bo‘ladi.
Kecha maktabga shunday hujum uyushtirildi... Maktabga uchta bomba tashlandi. Ichkarida bo‘lgan odamlar balkonlardan yoki o‘zlari yashiringan sinf xonalarining derazalaridan odam tanalarining qanday uchib chiqayotganini ko‘rganliklarini tasvirlab berishdi.
Bu - ayni haqiqat. Bizni xavotirga solayotgan narsa ham shu. Endi o‘lim juda yaqin ekanligidan biz juda qo‘rqib ketmoqdamiz.