Joriy yil 1 maydan O‘zbekiston bo‘ylab ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi uchun yil davomida kompensasiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Endilikda kompensasiya faqat qish mavsumi (noyabr–fevral)da emas, har oyda to‘lab beriladi.
Ehtiyojmand oilalar uchun 1 iyundan boshlab ariza topshirish boshlandi.
Kompensasiyalar ayrim toifalarga mansub oilalarga beriladi. Jumladan, Ijtimoiy himoya yagona reestri va Kambag‘al oilalar reestiriga kiritilgan oilalar – bunda oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 669 ming so‘mdan kam bo‘lishi lozim.
Shuningdek, ikki reestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir a’zoga 1 mln so‘mdan kam bo‘lgan oilalar ham ushbu yordamdan foydalana oladi.
2024-2025 yilgi isitish mavsumi uchun umumiy kam ta’minlangan oilalarga 313,6 mlrd so‘m yordam berilgan bo‘lsa, endilikda bu tizim yanada kengaytirilib, 2025 yilda umumiy hisobda 1 trln 330 mlrd so‘m miqdorida kompensasiya ajratilishi rejalashtirilgan.
Arizalar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, mahalladagi ijtimoiy xodim va 1140 telefon raqami orqali qabul qilinadi.