Evropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas bu hujumni "Ukraina hech bir shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgan bir paytda Rossiyaning hujumlarini kuchaytirayotganining dahshatli namunasi" deb atadi. Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta ham bu fikrga qo‘shildi.
"Rossiya zo‘ravonlik kampaniyasini davom ettirib, bu urush faqat Moskvaning istagi bilan kelib chiqqanini yana bir bor ko‘rsatdi", — dedi Koshta.
Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron esa "Rossiyaga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish majburiyati yuklatilishi" kerakligini aytdi. U, shuningdek, jabrlanganlar, yaralanganlar va kurashni davom ettirayotgan butun Ukraina xalqi bilan birdamligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Sumidagi hujumdan so‘ng Rossiyani Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lishga chaqirdi.
"Men Rossiyaning Sumidagi tinch aholiga qilgan dahshatli hujumlaridan hayratdaman, bu fojiali damda qalbim qurbonlar va ularning yaqinlari bilan. Prezident Zelenskiy tinchlikka sodiqligini namoyish etdi. Endi tomonlar hech qanday shartlarsiz to‘liq va darhol o‘t ochishni to‘xtatishga kelishishlari kerak", — deb yozdi Starmer X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.