Gaitida qurolli to‘dalar o‘rtasidagi shiddatli to‘qnashuvlar oqibatida so‘nggi uch kun ichida qariyb 5300 kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.
To‘qnashuvlar mamlakat poytaxti Port-o-Prensning shimoliy hududlarida davom etmoqda. Huquq faoli Pyer Fritsnelning ma’lum qilishicha, jinoiy guruhlar uylar, maktablar va do‘konlarni talon-toroj qilib, yoqib yuborgan.
Qurolli to‘dalar urushi tufayli tibbiyot markazlaridan biri hamda «Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti boshqarayotgan shifoxona faoliyati to‘xtatilgan.
Gaitida fuqarolik mojarosi 2021 yildan buyon davom etmoqda. Qurolli to‘dalar Port-o-Prensning katta qismi va mamlakat markaziy hududlarining ayrim tumanlarini nazoratga olgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil mart oyidan 2026 yil yanvargacha bo‘lgan davrda mamlakatdagi zo‘ravonliklar oqibatida 5500 dan ortiq odam halok bo‘lgan, taxminan 2600 kishi esa jarohat olgan.
Umuman olganda, 2021 yildan beri Gaitidagi jinoiy to‘dalar faoliyati sabab 20 mingga yaqin o‘lim holati qayd etilgan.