Tramp 2026 yil Mayamida bo‘ladigan G20 sammitiga Janubiy Afrika Respublikasi taklif etilmasligini e’lon qildi — The Insider.
Bundan avval AQSh amalda Yoxannesburgdagi (JAR) G20 sammitini boykot qilib, hukumat darajasida rasmiy delegasiya yuborishdan bosh tortgan edi. Vashington raislikni topshirish marosimi uchun JARdagi AQSh elchixonasi xodimini tayinladi. Pretoriya buni "haqorat" deb atadi va bu harakat diplomatik protokolga zid ekanini bildirdi. Natijada marosim sammit tugaganidan so‘ng, JAR Tashqi ishlar vazirligi binosida o‘tkazildi, chunki AQSh sammitda ishtirok etmagan edi.
Tramp aynan shu vaziyatdan JARni kelgusi sammitda ishtirokdan chiqarish uchun rasmiy asos sifatida foydalanmoqda. AQSh prezidenti, shuningdek, JARga to‘lanadigan to‘lov va subsidiyalarni to‘xtatishini va mamlakat "hech qaysi tashkilotda a’zolikka loyiq emas"ligini aytdi.
Shu bilan birga, Tramp yana bir bor JARdagi afrikanerlar (oq tanlilar) genosidi va ularga nisbatan tazyiq haqidagi fikrlarni takrorladi. Bu iddaolar huquq himoyachilari, tadqiqotchilar va hatto ayrim afrikanerlarning o‘zi tomonidan ham asossiz deb tan olingan.
"Bu 1999 yilda G20 tashkil qilinganidan beri ilk marta a’zolardan biri rasman iqtisodiy forumdan chiqarilishi hisoblanadi. Manbalarga ko‘ra, AQSh ma’muriyati 2026 yilgi sammitga JARni o‘rniga Polshaga ishtirok etish uchun taklif yuborishni rejalashtirmoqda", deya yozadi The Insider.