Yurtimiz so‘nggi yillarda xalqaro miqyosidagi nufuzli futbol va futzal bo‘yicha musobaqalarni qabul qilish yuzasidan katta qadamlarni tashlamoqda. Ayniqsa, FIFAning 2024-yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati mezbonligini O‘zbekistonga ishonib topshirishi bu borada olib borilgan keng ko‘lamli ishlarning mahsuli bo‘ldi.
Futzal bo‘yicha dunyo mundialining hal qiluvchi uchrashuvlari mezboni sifatida uchta betakror shaharlar – poytaxt Toshkent, qadimiy Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Buxoro va vodiy durdonasi sanaladigan Andijon tanlab olindi.
Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tadigan FIFA shafeligidagi musobaqada dunyoning eng kuchli 24 terma jamoasi futzal bo‘yicha Jahon chempionligi uchun kurash olib boradi. Tarixda 10-bor tashkil etilayotgan musobaqada amaldagi g‘olib Portugaliyadan tortib, besh karra chempion Braziliya, shuningdek, Fransiya va Yangi Zelandiya kabi debyutantlar joriy yilning 14-sentyabr va 6-oktyabr kunlari yurtimizda jam bo‘lishadi. Toshkent, Buxoro va Andijon shaharlari mezbonlik qiladigan mundialning qur’a tashlash marosimi kelasi oy yurtimizda tashkil etiladi.