dpa agentligining xabar berishicha, hukumat rahbariga yaqin bo‘lgan manbalar kanslerni almashtirish ehtimoli atrofidagi muhokamalarni "sodda g‘oya" deb hisoblashmoqda. Ularning fikricha, bunday muhokamalar "nizolarni avj oldirishga bo‘lgan xavfli moyillik" hamda "konstitusiya va siyosiy voqelikdan bexabarlik"ni ko‘rsatadi.
Mersning atrofidagilar bu kabi mish-mishlar "Germaniya uchun muqobil" o‘ta o‘ngchi partiyasi tegirmoniga suv quyishini va siyosiy markazning obro‘sizlanishiga olib kelishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Stern nashri va Bild tabloidi Fridrix Mers rahbarlik qilayotgan konservativ Xristian-demokratik ittifoq (XDI) partiyasida uning ehtimoliy almashtirilishi bo‘yicha muhokamalar ketayotgani haqida maqolalar e’lon qilgan edi.
"O‘zgarishlar kansleri" roliga munosib nomzodlar sifatida Shimoliy Reyn-Vestfaliya bosh vaziri Xendrik Vyust, Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder va XDI/XSI parlament fraksiyasi rahbari Yens Shpanlar tilga olingan.
Die Welt nashrining qayd etishicha, amaldagi kanslerni almashtirish kabi siyosiy qadam konstitusiyaviy nuqtai nazardan juda murakkab jarayon hisoblanadi. Mers amaldagi bundestag tarkibida kansler qayta saylanishi uchun yo o‘zi yo‘l ochib berishi, yoki o‘z partiyasining kuchli bosimi ostida bunga rozi bo‘lishi kerak edi. Ushbu taxminiy vaziyatda hukumat tepasidagi XDI/XSI va Germaniya sosial-demokratik partiyasi (GSDP) koalisiyasi vorislardan birini birgalikda saylashi to‘g‘ri kelardi.
Biroq, XDIdagi manbalarga ko‘ra, hozirgi vaqtda kanslerni almashtirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani yo‘q va Mersning iste’foga chiqish niyatida ekanligidan dalolat beruvchi hech qanday belgi mavjud emas.