Bu haqda Deutsche Welle xabar bermoqda.
Fransiya parlamentining quyi palatasi 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. 116 deputat hujjatni qo‘llab ovoz bergan, 23 nafari unna qarshi chiqqan.
Hujjat onlayn platformalarga yoshni tekshirish tizimlarini joriy etishga majburiyatini yuklashi kutilmoqda.
Qonun loyihasining yana bir moddasi 2018 yilda joriy etilgan, 11–15 yoshdagi o‘rta maktab o‘quvchilariga mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash tartibini kengaytirishni ko‘zda tutadi. Endi ushbu taqiq yuqori maktablar o‘quvchilariga ham tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Prezident Emmanuel Makron qonunni tezkor ko‘rib chiqish jarayonini boshlashni so‘raganini ma’lum qildi.
"Bolalarimizning miyasi sotilmaydi. Nihoyat, 1 sentabrgacha ularning himoyasi ta’minlanadi", — deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.