Ukraina Fransiya bilan hamkorlikda Chernobil AES xavfsizlik zonasi hududida qayta tiklanadigan energetika sohasidagi yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganmoqda. Bu haqda Ukraina atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, vazir Svetlana Grinchuk va Fransiya prezidentining Ukrainaga yordam va tiklanish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Per Elbron Chernobil zonasiga ish tashrifi bilan borgan.
Tashrifning maqsadi hududning yashil energetikaga sarmoya kiritish salohiyatini o‘rganishdan iborat. Vazirlik ta’kidlashicha, Kiyev va Parij o‘rtasidagi ushbu sohadagi hamkorlik ilgari ham muhokama qilingan.
Matbuot xizmati xabar berishicha, bir qator fransuz kompaniyalari vakillari Chernobil xavfsizlik zonasida qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish imkoniyatlarini yuqori baholagan.