Parijda AVICENNIA INTERNATIONAL PRIZE (Xalqaro Avisenna – Ibn Sino mukofoti) bilan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mukofotlarni Fransiya Tibbiyot akademiyasi Prezidenti janob Tran Ba Xyui topshirdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev ham ishtirok etdi.
Shuningdek, AVICENNIA INTERNATIONAL PRIZE sovrinini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida Fransiya tibbiyot instituti akademiyasining direktorlar kengashi taxt zalida Abu Ali ibn Sinoning bronza byustini o‘rnatdi. Byust buyuk olim xotirasiga minnatdorlik va chuqur hurmat belgisi sifatida o‘rnatildi. Marosim ishtirokchilari O‘zbekistonga va Jahon jamiyatiga ushbu tashabbus uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Biz O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatiga ushbu loyihani amalga oshirishga qo‘shgan hissasi uchun alohida minnatdorlik bildiramiz. Ko‘z oldingizda turgan ushbu byustni o‘zbek xalqi nomidan hamkorligimiz ramzi sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. Bu voqea tarixda qoladi va yosh avlodlarga ulug‘ olim Ibn Sino merosini o‘rgatish faoliyatiga qo‘shilgan munosib hissa bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev.
“Men marosimda ishtirok etganimdan juda mamnunman va Jahon jamiyatining Fransiya Tibbiyot akademiyasida Ibn Sino byustini o‘rnatish bo‘yicha tashabbusini yuksak ma’noda qadrlayman. Ibn Sino o‘zbek zaminining so‘zsiz dahosi, ayni paytda uning merosi Yevropa va jahon merosining muhim qismidir. O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida yana bir madaniy ko‘prik o‘rnatgan mamlakatingizdan chuqur minnatdorman, – dedi Parij universiteti professori Joel Chandile byustini o‘rnatish marosimida.
“Fransiya Tibbiyot akademiyasida buyuk insonparvar olim Ibn Sino byustining o‘rnatilishi barchamiz uchun katta sharaf va g‘ururdir! Bugun O‘zbekistonda buyuk mutafakkir va allomalar qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosning ahamiyatini chuqur anglagan holda, ularning merosiga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Bu hayratlanarli! “Vivat” O‘zbekiston, “Vivat” Frasiya, “Vivat” Ibn Sino!” – deya ta’kidladi islomshunos olim, Fransiya Milliy ilmiy tadqiqot markazi eksperti Karim Ifrak.
Shuningdek, Parijdagi Tibbiyot akademiyasining Katta amfiteatrida Xalqaro “Avisenna” mukofotini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilda “Evropa Ittifoqi, O‘rtayer dengizi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi falsafiy va tibbiy tadqiqotlar hamda hamkorlikni rag‘batlantirish uchun” mazkur oliy mukofot turli mamlakatlar vakillariga topshirildi. Mukofotlanganlar orasida hamyurtimiz, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasini amalga oshirayotgan Baxtiyor Fozilov ham bor. Mukofotni Fransiya Tibbiyot Akademiyasi prezidenti janob Tran Ba Xui ham ishtirok etdi.
“Biz bilamizki, Butunjahon jamiyati bir qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda va buyuk Ibn Sino asarlarini o‘rganishga katta e’tibor qaratmoqda. Biz bu ezgu va mashaqqatli ishni amalga oshirayotgan insonlarni munosib taqdirlashga qaror qildik. Men O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash va uni xorijda targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlari uchun Butunjahon jamiyatiga va Baxtiyor Fozilovga minnatdorlik bildiraman”, – dedi “AVICENNE-France” prezidenti va mukofotning ijrochi direktori Mark Bonnel.
Ma’lumot uchun: “AVICENNIA INTERNATIONAL PRIZE” mukofoti 2015 yilda “Evropa Ittifoqi, O‘rta Yer dengizi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi falsafiy va tibbiy tadqiqotlar hamda hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan. U o‘z tadqiqotlari va nashr qilgan kitoblari orqali buyuk musulmon mutafakkiri Ibn Sino ijodini o‘rganishga hissa qo‘shgan, tinchlik o‘rnatish va/yoki madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilgan olimlar va/yoki shaxslarga beriladi.