Fransiya Milliy assambleyasi mamlakat bosh vaziri Sebastyen Lekornyu hukumatiga ishonchsizlik votumi e’lon qilish uchun yetarlicha ovoz to‘play olmadi — Reuters.
Birinchi ishonchsizlik votumi “Engilmas Fransiya” radikal-so‘l partiyasi tashabbusi bilan o‘tkazildi va 271 ovoz oldi. Ikkinchi ishonchsizlik votumi taklifi Marin Le Pen boshchiligidagi o‘ta o‘ng “Milliy birlashuv” partiyasi tomonidan ilgari surildi — u 144 ovoz to‘pladi. Hukumat iste’fosi uchun 289 ta ovoz kerak edi.
Ishonchsizlik votumlariga chap berishda Lekornyuga Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning muhim islohotlaridan biri — pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirishni 2027 yilgi prezidentlik saylovlarigacha to‘xtatib turish va’dasi yordam berdi. Bu yon berish unga sosialistlarni o‘z tomoniga og‘dirishga ko‘maklashdi, deya yozadi Reuters.
Agar Lekornyu ishonchsizlik votumlaridan birida yutqazganida, u va uning vazirlari zudlik bilan iste’foga chiqishiga to‘g‘ri kelardi, Makron esa muxolifatning favqulodda parlament saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha katta bosimi ostida qolardi, bu esa Fransiyani yanada inqirozga olib kelardi.