Bugun Fransiya bo‘ylab hukumat xarajatlarining rejalashtirilgan qisqartirilishiga qarshi 250 dan ortiq namoyishlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bu haqda Fransiya OAVlari xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiyotning turli tarmoqlari kasaba uyushmalari davlat xizmatlarini moliyalashtirishni ko‘paytirish, badavlat fuqarolar uchun soliqlarni oshirish, keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan pensiya islohotini bekor qilishni talab qilmoqda.
Namoyishlarda 800 mingga yaqin odam qatnashishi kutilmoqda.
Mamlakat transport tizimida jiddiy uzilishlar bo‘lishi kutilmoqda, avtomobil, temir yo‘l va havo qatnovi to‘xtatilgan, ko‘plab maktablar vaqtincha yopilgan.
Eslatib o‘tamiz, namoyishchilar noroziligining asosiy manbai sobiq bosh vazir Fransua Bayru tomonidan joriy yilning yozida taklif etilgan byudjetni tejash choralari bo‘lib qolmoqda (Fransiya hukumati byudjet taqchilligini 2024 yildagi YAIMning 5,8 foizidan 2026 yilda 4,6 foizga kamaytirishni maqsad qilgan). Nafaqalar tizimini qayta ko‘rib chiqish, davlat xarajatlarini keskin qisqartirish, ikki davlat bayramini bekor qilish shular jumlasidandir. O‘tgan hafta Sebastyan Lekornyu boshchiligidagi yangi hukumat ikki davlat bayramini bekor qilmoqchi emasligini e’lon qildi.