Fransiya birinchi marta Rossiya harbiy razvedkasini kiberhujumlarda aybladi.
"Rossiya harbiy razvedkasi bir necha yillardan beri Fransiyaga qarshi APT28 nomli xakerlar guruhining kiberhujumlaridan foydalanib kelmoqda. 2021 yildan beri ushbu guruh o‘nlab fransuz tashkilotlariga qarshi kiberhujumlarni amalga oshirgan", – deya ta’kidladi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya razvedkasiga (GRU) aloqador bo‘linma Fransiyaning mudofaa, moliya va iqtisodiyot sohalarini nishonga olmoqda.
APT28 operasiyalari orasida Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etgan tashkilot serverlarini buzish va 2017 yilda Emmanuel Makronning birinchi prezidentlik kampaniyasiga qarshi hujum ham bor. 2015 yilda APT28 o‘zini "Islomiy davlat" (ISHID) jangarilari sifatida ko‘rsatib, fransuz tilidagi TV5 Monde telekanalini "jamoatchilik fikrini manipulyasiya qilish" va "Fransiyada vahima uyg‘otish" maqsadida buzib kirgan.
AQSH, Buyuk Britaniya, Isroil va Germaniya kiberxavfsizlik mutaxassislari ART28 guruhiga buyruqlar GRU tomonidan berilishini bir necha bor aytishgan. Rossiya rasmiylari esa bu guruh bilan har qanday aloqadorlikni qat’iyan rad etadi.