Toshkent shahao hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qizi instagramdagi sahifasida qimmatbaho avtomobil va VIP-foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan xususiy samolyotda dam olgani aks etgan suratlarni joylashtirdi.
Ortiqxo‘jayeva dabdabali hayoti aks etgan ushbu suratlarini biroz avval sahifasidan o‘chirib tashladi. Biroq, blogerlar suratlarni saqlab olishga va turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishga ulgurgan edi. Shu sabab turli tarmoqlarda mazkur mavzuda bahslar avj olgan. Ba’zilar shahar hokimining qizi xayr-ehson qilish o‘rniga VIP-foydalanuvchilar uchun maxsus samolyotlarda uchayotgani haqidagi faktlarni rad etdi. Boshqalar esa yaqindagina hokimning oylik maoshi 3,2 million (380 AQSh dollari) ekani haqida bergan ma’lumotini eslashdi va uning maoshi bunday hashamatga qanday qilib yetayotgani haqida savol berishdi. "Ish haqining ahamiyati yo‘q. Lekin nahotki otasi qiziga kamtarlikni o‘rgatmagan bo‘lsa? Axir u xalqqa xizmat qilmoqda. Bizning xalqimiz esa judayam kamtar", deb yozadi foydalanuvchilardan biri.
Guruhning boshqa a’zolari esa ayrim fotosuratlar bir yil oldin, ya’ni Jahongir Ortiqxo‘jayev hokim bo‘lguniga qadar olinganiga e’tibor qaratishdi. "Umuman olganda, nima uchun siz birovga o‘z mehnati bilan topgan pulini qanday sarflashni o‘rgatmoqchi bo‘lyapsiz? Sizningcha, odam boy bo‘lgani uchun butun atrofdagilarga mas’ul bo‘ladimi? Yoki hokim bo‘lgani uchun?" deydi "Snos-Toshkent" guruhining yana bir a’zosi.