Folbinlarga va fol ko‘ruvchilarga shar’iy kitoblarimizda «kohin» va «arrof» deb nom berilgan. Kohin ba’zi yashirin, sirli narsalarni, to‘g‘rirog‘i, g‘aybni bilishni da’vo qiladi. Uning ba’zi aytganlari tasodifan to‘g‘ri chiqishi ham mumkin, ammo aksariyat follari noto‘g‘ri chiqadi. Tasodifan to‘g‘ri chiqqan gapini o‘zi ham, odamlar ham takror-takror aytib yuradilar. Noto‘g‘ri chiqqan follari haqida esa sukut saqlashni afzal ko‘rishadi. Natijada kohin odamlar ko‘ziga g‘ayb narsalarni biladigan bir bashoratgo‘y bo‘lib ko‘rinadi. Kohinlar o‘zlarining jinlar bilan aloqasi borligini va ularga kelgan xabarlarni jinlar aytishini da’vo qilishadi.
Arrof ham xuddi kohinga o‘xshaydi. Ulamolardan Imom Bag‘aviy: «Arrof – turli ishlarning sabablarini bilishini, yo‘qolgan narsaning qayerda turganini, o‘g‘irlangan narsani kim o‘g‘irlaganini va shunga o‘xshash narsalarni bilishini da’vo qiluvchidir», deydilar. Albatta, folbinlar ko‘proq kelajakda ro‘y beradigan ishlarni bilishini da’vo qiladilar. Bu esa shariat hukmi bo‘yicha kufr hisoblanadi. Chunki g‘aybni faqat Alloh taoloning O‘zigina biladi. Kim uni bilishini da’vo qilsa, kofir bo‘ladi.
Shuningdek, folbinlikning boshqa turlari ham bor. Ulardan uchtasi quyidagi hadisi sharifda bayon etilgan.
Qatan ibn Qobiysadan, u kishi esa o‘z otasidan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Chiziq chizib, tosh bilan va qush bilan fol ochish Allohdan boshqaga ibodat qilishdandir», dedilar».
Imom Nasaiy rivoyat qilgan.
O‘sha vaqtlarda turli chiziqlarni chizib, shuningdek, mayda toshlarni tashlab, ularni turli tomonlarga qimirlatib fol ochish hollari uchragan. Qush bilan fol ochish esa maxsus boqilgan qushlar orqali amalga oshirilar ekan. Fol ochirmoqchi bo‘lgan shaxs bir ishni qilmoqchi bo‘lsa yoki bunda ikkilanib qolsa, folbinning oldiga kelib, pul berar, undan o‘zi uchun fol ochib berishini so‘rar ekan. Shundan keyin folbin qushini olib, osmonga otar,qush o‘ng tomonga uchib ketsa, o‘sha ishni qilish, chap tomonga uchib ketsa, qilmaslik, agar to‘g‘riga uchsa, yana qayta fol ochish kerak bo‘lar ekan. Folbinlikning bulardan boshqa turlari ham bo‘lgan.
Hozirgi paytda fol ochishning turlari son-sanoqsiz bo‘lib ketdi. Qarta bilan, qushlarga xat torttirish bilan, qo‘lning kaftiga qarab turib, suratga qarab va hokazo... Bularning hammasi kufr ishlardir.«Munajjim» deganda yulduzlarning o‘rniga, yurishiga, harakatiga, ularning bir-biriga nisbatan joylashishiga qarab kelajakda bo‘ladigan ishlar haqida xabar beruvchilar tushuniladiHozirgi kunda xuddi shu toifadagi kishilarning ishi rosa ham yurishgan. Ko‘pgina davlatlarda ro‘znomalar, haftanomalar va oynomalar, radio-televizorlar munajjimlarning kundalik, haftalik, oylik, yillik, o‘n yillik follarini tarqatishda musobaqa qiladi. Ba’zi odamlar ishlarini munajjimlarning aytgan gaplariga qarab rejalashtirishadi. Ilm-ma’rifat, taraqqiyot da’vo qilib turilgan davrda bunday ishlarning sodir bo‘lishi ilohiy ta’limotdan uzoqlashgan insonning nima to‘g‘ri kelsa, o‘shani qilaverishini ko‘rsatib turibdi. Islom shariati hukmiga ko‘ra, g‘ayb ilmini da’vo qilgani uchun bu ma’nodagi munajjimlik ham kufr hisoblanadi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim yulduzlardan ilm iqtibos qilsa, sehrdanbir sho‘’ba iqtibos qilgan bo‘ladi. (O‘sha ilm qancha) ziyoda bo‘lsa, (gunohi shuncha) ziyoda bo‘lib boraveradi», deganlar».
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ammo yulduzlarning o‘zini o‘rganish, ular haqida ilmiy ishlar qilish, ularga tegishli muammolarni va holatlarni o‘rganish yaxshi, foydali ishdir. Islomda bunga targ‘ib qilinadi. Shuning uchun ham qadimda, Islom diniga yaxshi amal qilib turilgan vaqtlarda musulmonlar orasidan yetuk va mashhur falakiyot ilmi olimlari yetishib chiqqan. Islomiy istilohda yulduzga qarabfol ochadiganlar munajjim (astrolog), yulduzlarni o‘rganadigan olimlar esa falakiyot ilmi sohiblari (astronom) deb ataladi.
Folbinlik va munajjimlik bir-biriga yaqin narsalar bo‘lgani uchun hadisi shariflarda ham ular birga zikr etiladi. Bu mavzudagi hadislarda insonlar va jamiyatga nisbatan o‘ta zararli bunday ma’naviy jinoyatlarning ulkangunoh, kufr va shirk ekani qayta-qayta ta’kidlanadi.
Oisha roziyallohu anho aytadilar:
«Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kohinlar haqida so‘rashdi. Shunda u zot:
«Ular hech narsaga arzimaydi», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, ba’zan ular bir narsani aytsa, haq bo‘lib chiqadi-ku?» deyishdi. U zot:
«U haqdan bo‘lgan bir kalima bo‘lib, jinlardan biri uni ilib oladi, o‘z«og‘aynisi» qulog‘iga tovuqning qaqillashiga o‘xshatib ilqo qiladi. Ular esa unga yuzdan ortiq yolg‘onni aralashtirib yuboradilar», dedilar».
Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning johiliyatdan qolgan bo‘lmag‘ur e’tiqodlarni qanday muolaja qilganlarining bir namunasi zohir bo‘lmoqda. Bu ajoyib uslubni u zot kishilarning savoliga javob berishda ishlatmoqdalar.
«Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kohinlar haqida so‘rashdi».
Ya’ni odamlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan kohinlarga Islom nuqtai nazaridan qanday qaralishi, ularning ishlari to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani haqida so‘rashdi.
«Shunda u zot: «Ular hech narsaga arzimaydi», dedilar».
Ha, Alloh taoloning mukammal dini nazdida folbinlar sariq chaqaga ham arzimaydigan kimsalardir. Lekin bu haqiqatni tushunib yetmagan odamlar ularning qandaydir qiymati bor, debyuradilar. Johiliyat vaqtida ham shunday bo‘lgan. O‘sha fikrning qoldig‘i ta’sirida odamlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning javoblaridan keyin yana qo‘shimcha savol berishdi.
«Ey Allohning Rasuli, ba’zan ular bir narsani aytsa, haq bo‘lib chiqadi-ku?» deyishdi».
Darhaqiqat, ba’zi vaqtlarda folbinning gapi to‘g‘riga o‘xshab ko‘rinadi. Folbinlar odamlarni o‘z tuzog‘iga ilintiradigan narsa ham aslida shu. Ana shu narsa nima ekanini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayon qildilar.
«U zot: «U haqdan bo‘lgan bir kalima bo‘lib, jinlardan biri uni ilib oladi, o‘z «og‘aynisi» qulog‘iga tovuqning qaqillashiga o‘xshatib ilqo qiladi. Ular esa unga yuzdan ortiq yolg‘onni aralashtirib yuboradilar», dedilar».
Bu iqtibosda tilga olingan «og‘ayni» folbindir. Ha, folbin jinning og‘aynisi bo‘ladi. Qaysi bir folbinning shaxsi yaxshiroq o‘rganib chiqilsa, bu haqiqat darhol yuzaga chiqadi. Ularning o‘zlari ham «jinlarim» deyish o‘rniga «odamlarim, bobolarim», deyishadi. O‘sha «odamlar», ya’ni jinlar ba’zi haq kalimalarnieshitib olib, folbinga yetkazadi. Folbin esa birga yuz yolg‘onni qo‘shib, sodda kishilarni aldaydi, ularning vaqtini, pulini, imkonini va boshqa ko‘pgina narsalarini tortib oladi.
Manba: islom.uz