The New York Times gazetasining manbalariga tayanib xabar berishicha, Eron oliy rahbari Oyatulloh Xominaiy agar AQSh yoki Isroil o‘zini o‘ldirsa, o‘rniga tayinlanadigan uch nafar nomzodni tanladi. Oliy rahbarni tayinlash uchun mas’ul bo‘lgan Ekspertlar assambleyasiga vorisni tezkor tanlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
"Eronda yangi oliy rahbarni tayinlash jarayoni odatda bir necha oy davom etishi mumkin. Ammo hozir mamlakatda urush davom etar ekan, rasmiylarning aytishicha, Xominaiy hokimiyatni tezkor va tartibli topshirilishini ta’minlamoqchi", deb yozadi NYT.
Qayd qilinishicha, Xominaiyning o‘g‘li, ulamo va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga yaqin bo‘lgan Mo‘jtaba ro‘yxatda yo‘q, vaholanki aynan uning otasi o‘rniga asosiy da’vogar ekani haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Shu bilan birga, Xominaiy harbiy qo‘mondonlar o‘ldirilgan taqdirda ularning o‘rniga bir qancha nomzodlarni tanlagan.
"Eron dastlabki zarbadan keyingi shok holatidan chiqib olgan va Isroilga kundalik qarshi hujumlar uyushtirish uchun safarbarlikni tiklagan. Shu bilan birga, Eronda o‘lim qo‘rquvi shu qadar kuchliki, dedi rasmiylar, razvedka xizmati amaldorlar va harbiy qo‘mondonlarga mobil telefon va boshqa elektron aloqa vositalaridan foydalanishni taqiqlagan. Ularga yer ostida qolish buyurilgan", deya qayd etadi gazeta.