Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiso Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning Yevropa yetakchilariga 9 may kuni Moskvada o‘tkaziladigan G‘alaba paradiga bormaslik haqidagi talabiga munosabat bildirdi.
"Men Slovakiyani ozod qilishda halok bo‘lgan minglab Qizil Armiya askarlari, shuningdek, nasistlar vahshiyligining boshqa millionlab qurbonlariga hurmat bajo keltirish uchun Moskvaga boraman. Xuddi Normandiya yoki Tinch okeanidagi qo‘nish qurbonlariga hurmat bajo keltirganim kabi, Qirollik havo kuchlari uchuvchilariga ham hurmat bajo keltiraman," - deya Facebook’da yozdi Robert Fiso.
"Kallas xonimning so‘zlari hurmatsizlikdir va men bunga qarshiman," - deb ta’kidladi u va hech kim unga qayerga borish yoki bormaslik kerakligini ayta olmasligini qo‘shib qo‘ydi.
14 aprel kuni Kaya Kallas Moskvadagi G‘alaba paradiga borishning Yevropa Ittifoqi a’zolari hamda birlashmaga a’zo bo‘lishga nomzod davlatlar uchun oqibatlarga olib kelishini ma’lum qildi. Tadbirda ishtirok etuvchi 20 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari orasida Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomiga ega bo‘lgan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ham bor. Shu bilan birga, 9 may kuni Kiyevda Yevropa yetakchilari ishtirokida muqobil tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.