Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan urushni armiyaning hozirgi yo‘qotishlari darajasida yana 12-16 oy davom ettirishi mumkin.
Bu fikrni Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) ning Rossiya bo‘yicha bosh eksperti Jorj Barros New York Post gazetasiga bergan intervyusida bildirdi.
Barrosning ta’kidlashicha, taxminan bir yildan so‘ng harbiy harakatlarni moliyalashtirish uchun byudjet zaxiralari ham, hukumatning front uchun "ko‘ngillilar" topish imkoniyatlari ham tugab qolishi mumkin.
Hozirgi kunda Rossiya hududlari har kuni 1-1,5 ming kishini urushga jalb qilmoqda, ularni o‘rtacha miqdori 1,4 million rubl bo‘lgan saxiy bonuslar bilan qiziqtirmoqda. Bu NATOning baholashicha, har oyda 30-45 ming kishi va urush boshlanganidan beri 900 mingdan ortiq kishini tashkil etadigan front yo‘qotishlarini qoplash imkonini bermoqda. Ammo Barrosning ta’kidlashicha, hokimiyat armiyaga safarbarlik sur’atini cheksiz davom ettira olmaydi: ular hali frontga yuborilmagan erkaklarning "qisqarayotgan demografik bazasini ovlash" uchun mukofotlarni oshirishni davom ettirishga majbur bo‘ladi va pirovardida bu siyosat byudjet muammolariga duch keladi.