Firibgarlikda ayblanib, Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqaro Gruziyadan O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda qidirilgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida uning Gruziyada ekani aniqlanib, ikki mamlakat Interpol milliy markaziy byurolari hamkorligida ushlangan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ekstradisiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilib, zarur huquqiy tartib-taomillar yakunlanganidan so‘ng, shaxs o‘zbek tomoniga topshirilgan. U keyingi prosessual harakatlarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonga olib kelingan.
Rasmiy xabarda fuqaroning ism-familiyasi, firibgarlik tafsilotlari, yetkazilgan zarar miqdori va ekstradisiyaning aniq sanasi ochiqlanmagan.