Argentina va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi Finalissima-2026 bahsi Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli boshqa joyda o‘tkazilishi mumkin.
Amerika Kubogi-2024 va Yevro-2024 g‘oliblari o‘rtasidagi uchrashuv 27 mart kuni Qatarda bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq Fors ko‘rfazining ushbu mintaqasida AQSh harbiy bazalari joylashgan bo‘lib, hozirda Eron AQSh va Isroilning hujumlariga javoban ushbu ob’ektlarga zarbalar bermoqda.
Avvalroq ushbu o‘yin umuman o‘tkazilmasligi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Argentinalik jurnalist Veronika Brunatining so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya va Argentina Finalissima o‘tkaziladigan joyni o‘zgartirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Har ikki davlat federasiyalari yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda o‘yinni boshqa joyga ko‘chirish imkoniyatlarini birgalikda baholamoqda.
Hozircha bu borada rasmiy bayonot berilgani yo‘q. Biroq harbiy mojaro fonida uchrashuvning dastlabki belgilangan manzili qayta ko‘rib chiqilmoqda.