Bugun 12 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

FIFA rahbari prezidentlik saylovi arafasida jiddiy tekshiruvga duch kelishi mumkin

FIFA rahbari prezidentlik saylovi arafasida jiddiy tekshiruvga duch kelishi mumkin

FIFA prezidenti Janni Infantino 2027 yil yanvar oyida AQSh Kongressida ko‘rsatma berishga majbur bo‘lishi mumkin. Bunga xalqaro futbol tashkilotining Donald Tramp va uning atrofidagi shaxslar bilan munosabatlari yuzasidan olib borilayotgan tekshiruv sabab bo‘lmoqda.

The Telegraph nashri ma’lumotiga ko‘ra, tergovni kongressmen Jeymi Raskin olib bormoqda. Demokratlarning oraliq saylovlardagi g‘alabasidan keyin u Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasiga rahbarlik qilishi va rasmiy chaqiruv qog‘ozlari yuborish vakolatiga ega bo‘lishi mumkin.

Tekshiruvda FIFAning Nyu-Yorkdagi «Trump Tower» binosidan ofis ijaraga olgani hamda 2025 yil dekabrda Trampga tashkilotning ilk tinchlik mukofoti topshirilgani alohida o‘rganilmoqda.

Shuningdek, Infantinoning Mayamidagi uy xizmatkori bilan bog‘liq moliyaviy hujjatlar ham qo‘mita e’tiborini tortgan. Ayrim ma’lumotlarda xizmat haqi FIFAga aloqador tuzilma orqali to‘langani aytilmoqda. Tashkilot esa barcha xarajatlarni Infantino shaxsan qoplaganini bildirib, qoidabuzarlik haqidagi da’volarni rad etgan.

Kongressni qiziqtirayotgan yana bir masala — Jahon chempionatining ayrim tijorat huquqlarini xususiy investorlarga sotish bo‘yicha amalga oshmay qolgan loyiha. Unda asosiy investor sifatida Trampning kuyovi Jared Kushnerning akasi Joshua Kushner asos solgan «Thrive Eternal» kompaniyasi ko‘rilgan.

Futbol tashkilotlarining e’tirozlaridan keyin FIFA ushbu tashabbusdan voz kechgan. Nashr manbalari Kushnerlar ham yanvar oyida Kongressga chaqirilishi mumkinligini bildirmoqda.

Hozircha Infantinoni guvohlikka chaqirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Qayd etish kerak, 2016 yildan buyon FIFAga rahbarlik qilayotgan Infantino navbatdagi prezidentlik saylovida ham ishtirok etish niyatida. Saylov 2027 yil 18 mart kuni Marokashning Rabot shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Kiritildi: 22:26 10.11.2026. O'qildi: 628 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik