Shu hafta Kanadaning Vankuver shahrida FIFA kongressi bo‘lib o‘tadi. Ushbu muhim tadbirga Xalqaro futbol federasiyasi prezidenti Janni Infantino kelishi munosabati bilan, tashkilot rahbariyati mahalliy hokimiyatga alohida iltimos bilan murojaat qildi. Unga ko‘ra, FIFA rahbari uchun Donald Tramp yoki Rim papasiniki kabi eng yuqori darajadagi kuzatuv va xavfsizlik choralarini ta’minlash so‘ralgan.
The Independent nashri manbalariga ko‘ra, Vankuver polisiyasi FIFAning Kanada Bosh vaziriga ko‘rsatiladigan xavfsizlik darajasidan ham yuqoriroq bo‘lgan bu so‘rovini rad etgan. Buning o‘rniga shahar rasmiylari tadbir davomida xalqaro anjumanlarni o‘tkazish standartlariga mos keladigan barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qilishgan.
Shuningdek, bu birinchi holat emasligi ta’kidlanmoqda — Infantinoning bu kabi so‘rovi 2023 yilda Yangi Zelandiyada ham rad etilgan edi.