“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali, viloyat DXX va IIBlari, “O‘zenergiyainspeksiya” hududiy bo‘limi hamda boshqa vakolatli tashkilotlar vakillari hamkorligida Qiziltepa tumanida tungi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida Yashnaobod mahallasi hududida joylashgan “Xayrullo-Narzullo” fermer xo‘jaligiga tegishli dala shiyponi ko‘zdan kechirilganda, elektr hisoblagichdan tashqari o‘zboshimchalik bilan 47 dona mayning qurilmasi, sovitish va yoritgich moslamalari hamda boshqa elektr qurilmalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulangan holda noqonuniy foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, fermer xo‘jaligi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali manfaatiga 436,3 million so‘m moliyaviy zarar yetkazilgan. Tegishli qarorlarga asosan elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning firmalariga nisbatan 5 barobar o‘suvchi koeffisiyent qo‘llanilib, 2,2 milliard so‘m mablag‘ undirish bo‘yicha belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.
Mazkur huquqbuzarlik bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.