Favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (606-son, 03.11.2026 y.) bilan “Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga quyidagilar kiradi:
- transport avariyalari va halokatlari;
- kimyoviy xavfli va yong‘in-portlash xavfi mavjud bo‘lgan ob’ektlar;
- energetika va kommunal tizimlaridagi avariyalar;
- bino konstruksiyalarining to‘satdan buzilishi va boshqalar.
Quyidagi holatlarda jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zarar tegishli tuman (shahar) hokimligi huzuridagi Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash jamg‘armasidan to‘lab beriladi:
- sud tomonidan favqulodda vaziyat uchun aybdor shaxslar aniqlangungacha bo‘lgan davrda;
- belgilangan muddatda favqulodda vaziyat uchun aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan to‘liq qoplash imkoni bo‘lmagan hollarda.
Jabrlangan shaxslar favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kun mobaynida belgilangan shakldagi arizani to‘ldirgan holda tegishli komissiyaga taqdim etadilar.
Komissiya dalolatnomasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qarorlari asosida quyidagi shaxslarga aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari hisobidan 1 martalik moddiy yordam puli to‘lab beriladi:
- favqulodda vaziyat oqibatida halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i, bolalari, ota-onalari va qaramog‘idagi shaxslar) uchun har bir oila a’zosiga teng ulushda – BHMning 500 baravarigacha miqdorida;
- favqulodda vaziyat oqibatida og‘ir tan-jarohati olgan fuqarolarga – BHMning 200 baravarigacha, o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olgan fuqarolarga – BHMning 150 baravarigacha hamda yengil tan jarohati olgan fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda.