O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Majlisi oliy Majlisi milliy Raisi Rustami Emomalini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Majlisi milliy Raisi davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari hamkorligi doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha yo‘nalishlardagi hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va yuk tashish hajmlari ortib bormoqda. Sanoat, qurilish, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va boshqa sohalarda kooperasiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qo‘shma Investisiya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.
Poytaxtlar va hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish, madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda qonunchilik organlarining rolini oshirish, bu borada parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari hamda sohaviy qo‘mitalar faoliyatini faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston yetakchisi Rustami Emomalini ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi katta xizmatlari, parlamentlararo muloqotni kengaytirish borasidagi samarali faoliyati uchun davlatimizning yuksak mukofoti – “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi.