Bugun 6 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

AQShda demokratlar g‘alabasi: Maskning Tesla va SpaceX kompaniyalari aksiyalari narxi tushib ketdi

AQShda demokratlar g‘alabasi: Maskning Tesla va SpaceX kompaniyalari aksiyalari narxi tushib ketdi

The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, birjadan tashqari savdolarda Tesla aksiyalari 3,5 foizga, SpaceX aksiyalari esa 3,6 foizga pasaygan.

Saylov kampaniyasi davomida Mask Respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun eng ko‘p mablag‘ ajratgan homiyga aylangandi. Milliarder partiya uchun umumiy hisobda kamida 446 million dollar sarflagan.

XTB savdo platformasi tadqiqotlar direktori Ketlin Bruksning aytishicha, demokratlarning g‘alabasi Maskning Tesla va SpaceX kompaniyalarini birlashtirish rejasini amalga oshirishni qiyinlashtirishi mumkin. Mask bu rejani oktyabr oyida e’lon qilgandi.

"Kongress Tesla va SpaceX'ning birlashuvini to‘xtata olmasa-da, qo‘shimcha tekshiruvlar orqali bu jarayonni sekinlashtirishi mumkin. Shu sababli har ikki kompaniya uchun siyosiy xavflar kuchaydi. Bu esa ularning aksiyalari narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi", — dedi Bruks.

Investorlarni xavotirga solayotgan yana bir jihat — Ilon Mask o‘z biznesining asosiy qismini Texas shtatida joylashtirgani. U ayniqsa shu shtatdagi respublikachilarni faol qo‘llab-quvvatlagan. Biroq dastlabki natijalarga ko‘ra, odatda respublikachilarga ovoz beradigan Texas aholisi bu safar demokratlarni tanladi. Bunga qadar demokratlar Texasda gubernatorlik saylovida oxirgi marta 1990 yilda, Senat saylovida esa 1988 yilda g‘alaba qozongandi.

3 noyabr kuni AQShda Kongressga oraliq saylovlar bo‘lib o‘tdi. Demokratlar Vakillar palatasi va Senatda ko‘pchilikni qo‘lga kiritib, Respublikachilarni mag‘lub etdi. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, Demokratlar Vakillar palatasida kamida 228 ta o‘rinni egallagan. Shuningdek, ular Senatda Respublikachilarga tegishli bo‘lgan kamida yettita o‘rinni qo‘lga kiritgan. Ovozlarni sanash davom etmoqda.

Kiritildi: 22:26 04.11.2026. O'qildi: 1699 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik